08:22 / 23.03.2023
14104

Blinken: Haaga sudiga a’zo davlatlar Putinni hibsga olishi kerak

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) a’zosi bo‘lgan har qanday Yevropa davlati Vladimir Putin kelgan taqdirda uni hibsga olishi kerakligini aytdi. 

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, agar u mamlakatga kelsa, Vashington Rossiya prezidentini ekstraditsiya qiladimi, degan savolga javob bermadi. 

Blinken Qo‘shma Shtatlar sudning ishtirokchisi emasligini esladi: mamlakat XJS nizomini ratifikatsiya qilmagan. 

«Menimcha, uning yaqin orada bu yerga kelish rejasi yo‘q», — dedi Davlat departamenti rahbari. Putinning AQShga so‘nggi tashrifi 2015 yilda bo‘lib o‘tgan.

Xalqaro jinoiy sudning qarorlari uni 1998 yilda tashkil etgan xalqaro shartnoma - Rim statutini imzolagan davlatlar uchun majburiydir. Gap 123 ta davlat, jumladan Yevropaning barcha mamlakatlari, Janubiy Amerika, shuningdek, Tojikiston, Janubiy Afrika, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya haqida bormoqda. Biroq, ular orasida Qo‘shma Shtatlar ham, Rossiya ham yo‘q.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergani haqida 17 mart kuni XJS saytida xabar berilgan. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. 

Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top