19:17 / 25.03.2023
20820

YeI Rossiyaga yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqchi - OAV

Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqagan.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi savdo cheklovlarini joriy qilishi mumkin. Bu haqda The Telegraph yozdi.

Qayd etilishicha, sanksiyalar Rossiyaga katta miqdorda kir yuvish mashinalari va eskirgan avtomobillarni yetkazib berayotgan davlatlarga taalluqli bo‘ladi. Chunki, kir yuvish mashinalar tarkibidagi yarimo‘tkazgichlar va avtomobil qismlari harbiy sanoatda qo‘llanishi mumkin.

«Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqadi. Yangi marshrutlarda faollik 60-80 foizga ko‘paygan, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ulardan foydalanmoqda, degan xavotir bor», deb yozdi nashr.

Yevropa davlatlari Rossiyaga G‘arb cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam beradigan davlatlarga qarshi savdo sanksiyalarini qo‘llash rejalarini muhokama qilmoqda. Bu haqda maxfiy kelishuv hujjati bor, deb ta’kidlaydi nashr. Xususan, YeI uchinchi mamlakatlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga ogohlantirish berish niyatida.

«Rossiya harbiy va mudofaa-sanoat bazasini moddiy qo‘llab-quvvatlash ularning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishida jiddiy oqibatlarga olib keladi», deyiladi hujjatda.

Shuningdek, unda harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan taqiqlangan «ikki maqsadli» texnologiyalarning Rossiyaga eksport qilinishi masalasi ham nazarda tutilyapti.

«Rasmiylarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qilinadigan tovarlar orasida asosan kir yuvish mashinalari, eski mashinalar va fotoapparatlar bor», deb yozdi nashr.

Yevropa Ittifoqi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tovarlar qismlarga ajratilib, yarimo‘tkazgichlar va ulardan olingan boshqa komponentlar Ukrainada zarar ko‘rgan Rossiya tanklari, zirhli texnikalari va dronlarini ta’mirlash uchun foydalanilayotganidan xavotirlar bor.

Yuqori martabali diplomatik manbaning anonimlik sharti bilan The Telegraph nashriga aytishicha, Yevropa davlatlaridan tovarlarning reeksporti sanksiyalar tuzilmasini sezilarli darajada buzadi. Shuningdek, avvalo Yevropa Ittifoqi vakillari mumkin bo‘lgan oqibatlardan ogohlantirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qator muzokaralar olib borishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo‘shni mamlakatlardan eksport hajmi o‘sishini tekshirish niyatida ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa Ittifoqidan Qirg‘izistonga eksport 84 foizga, Armanistonga 72 foizga, Tojikistonga 21 foizga, Gruziyaga 19 foizga, Qozog‘istonga 14 foizga oshgan. Eksportning katta qismi Rossiyaga olib kirish taqiqlangan mahsulotlarga to‘g‘ri keldi.

Mavzuga oid
Top