16:48 / 03.04.2023
41890

Jizzaxda tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘z joniga qasd qildi

Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tegishli idoralarga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati, Baxmal tumani hududida yashovchi arxitektor o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaldi. Samarqand viloyat prokuraturasi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Baxmal tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i, bosh arxitektor Sh.B. o‘z joniga qasd qilgan.

Holat yuzasidan 2023 yil 13 mart kuni Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot kotibining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, xolislikni ta’minlash maqsadida mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov o‘tkazish Samarqand viloyat prokuraturasiga topshirilgan.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi tayinlangan. Shuningdek, holat yuzasidan tegishli idoralarga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Top