07:53 / 03.04.2023
37213

Rossiyalik «harbiy muxbir» Tatarskiy Peterburgda portlatib yuborildi

Portlash «Vagner» XHK egasi Yevgeniy Prigojinga tegishli kafeda Vladlen Tatarskiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Noma’lum qiz «harbiy muxbir»ga sovg‘a qilgan haykalchaga portlovchi moddalar o‘rnatilgan.

Vladlen Tatarskiy

2 aprel, yakshanba kuni Sankt-Peterburgdagi kafeda yuz bergan portlash natijasida taniqli rossiyalik «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy halok bo‘ldi. Sankt-Peterburg bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 kishi jarohatlangan. Keyinroq Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov 25 kishi jarohatlanganini, ulardan 19 nafari kasalxonaga yotqizilganini aniqlashtirdi.

Sankt-Peterburgdagi «Fontanka» nashrining yozishicha, portlash sodir bo‘lgan kafe «Vagner» XHK egasi Yevgeniy Prigojinga tegishli. Muassasa faqat shanba va yakshanba kunlari ishlagan, u yerda «Kiber Z front» munozara klubining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tgan va urush tarafdorlari Donbass, Ukraina hamda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni muhokama qilish uchun yig‘ilgan. 2 aprel kuni bu yerda Tatarskiy bilan «ijodiy uchrashuv» bo‘lib o‘tdi. Siyosatshunos Konstantin Dolgovning aytishicha, qo‘lida bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevgeniy Prigojinning uchrashuvga kelishi ehtimoli bo‘lgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, trotil ekvivalentida 200 gramm bo‘lgan portlovchi modda noma’lum qiz tomonidan portlashdan biroz oldin harbiy muxbirga sovg‘a qilingan haykalchada bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Politsiya uni qidirmoqda. Portlashdan birmuncha vaqt o‘tgach, Kseniya Sobchakning «Krovavaya barynya» Telegram-kanali hujumni ukrainalik ayol amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Rossiyaning boshqa Telegram-kanallari sodir bo‘lgan voqealarning yana bir nechta versiyalarini ko‘rib chiqmoqda, shu jumladan yangi, «mudofaa» bosqichiga o‘tayotgan urushning axborot ta’minotini «qayta o‘zgartirish»da yetarli darajada «tizimli» bo‘lmagan o‘yinchilarni «tozalash», «harbiy muxbir»ning kasbiy faoliyatidan norozi bo‘lganlardan birining qasosi, shuningdek, «o‘tmishdan salom», ya’ni Vladlen Tatarskiy harbiy harakatlarda qatnashgan paytdagi ishlari uchun javob.

Mavzuga oid
Top