11:43 / 06.04.2023
11461

Xitoy Tsay Invenning AQShga tashrifiga «qat’iy javob» bilan tahdid qildi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Xitoyning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazgan va o‘z majburiyatlarini buzgan.

Foto: Frederic J. Brown | Afp | Getty Images

Xitoy AQShda Kongress Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti va Tayvan ma’muriyati rahbari Tsay Inven o‘rtasidagi uchrashuvga norozilik bildirdi. «Ushbu harakat «Yagona Xitoy» tamoyilini jiddiy buzadi, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy zarar yetkazadi hamda Tayvan mustaqilligi tarafdorlariga noto‘g‘ri xabar yuboradi», — deyiladi Xitoy TIV 6 aprel, payshanba kuni e’lon qilgan bayonotda. Shuningdek, Xitoy AQShni «o‘z majburiyatlarini buzishda va Tayvan bilan rasmiy almashish, qurol sotish va harbiy ittifoqlar ko‘rinishidagi transchegaraviy provokatsiyalarni davom ettirishda» aybladi.

Respublikachi Makkarti Tsay Invenni Kaliforniyada, Los-Anjyeles yaqinidagi Simi-Velli shahrida, Ronald Reygan prezidentlik kutubxonasida qabul qildi. Reuters xabariga ko‘ra, bu 1979 yildan beri Amerika zaminida bunday darajadagi ilk uchrashuvdir. «Biz birga ekanligimizda yanada kuchliroq bo‘lamiz. Tayvan biz tomonda bo‘lgani va hayot tarzimizni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Qo‘shma Shtatlardan minnatdor», - dedi Tayvan ma’muriyati rahbari uchrashuvda. Kongress quyi palatasi spikeri, o‘z navbatida, Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettirish, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni, ayniqsa, savdo va texnologiya sohasidagi aloqalarni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Makkarti Xitoyning kim bilan uchrashish va gaplashish haqida buyruq berishga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. «Xitoy menga qayerga borishim mumkinligini yoki kim bilan gaplashishimni aytishi mumkin emas», dedi siyosatchi va Pekin «javob choralarini ko‘rishiga hojat yo‘qligi» hamda «keskinlashuv bizning maqsadimiz emas»ligini ta’kidladi.

Mavzuga oid
Top