Jahon | 12:13
1180
3 daqiqa o‘qiladi

Arktika xavfsizligi: Germaniya Rossiya va Xitoy tahdidlariga ishora qildi

Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistorius Rossiya va Xitoy tomonidan kelayotgan tahdidlar fonida bundesver hamda NATOning boshqa yevropalik a’zolari armiyalari Arktikadagi ishtirokini oshirishi mumkinligini aytdi. AQSh aynan shu tahdidlar bilan Grenlandiyani qo‘shib olish zarurligini asoslamoqda.

Foto: Sean Gallup/Getty Images

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQShning Grenlandiyaga nisbatan hududiy da’volari, shuningdek Rossiya va Xitoy tomonidan kelayotgan tahdidlar fonida Arktikada bundesver hamda NATOga a’zo boshqa yevropalik davlatlar armiyalari ishtiroki kuchaytirilishi mumkinligini istisno etmadi. U bu haqda 13 yanvar, seshanba kuni Berlinda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan uchrashuvda bayonot berdi.

Pistorius so‘zlariga ko‘ra, Arktikaga kuchaytirilgan himoya zarur, bu — jumladan mintaqada Rossiya harbiy ishtirokini tobora oshirayotgani bilan ham bog‘liq. Vazir Grenlandiya, Islandiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi dengiz yo‘llarining Shimoliy Atlantika xavfsizligi uchun alohida ahamiyatini ta’kidladi. U qo‘shimcha qilib, ehtimoliy mojaro holatida Rossiya ushbu yo‘llardan “Amerikani Yevropadan va aksincha Yevropani Amerikadan yakkalatish” uchun foydalanishi mumkinligini aytdi.

Germaniya mudofaa vaziri alohida ta’kidlashicha, Arktika mintaqasining xavfsizligi faqat AQSh manfaatlariga emas, balki butun NATO manfaatlariga ham mos keladi. U alyansning Arktika akvatoriyasini monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma missiyasini tashkil etish tarafdori ekanini bildirdi.

“Gap kuzatish, patrullik qilish, suv ostida, suv ustida va havoda nima bo‘layotganini ko‘ra bilish haqida ketyapti. Gap, men aytganimdek, razvedka va joyida muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazish haqida ketyapti — bu bilan u yerda ishtirokimiz borligini ko‘rsatamiz”, — dedi Pistorius.

Bundan oldin Donald Tramp Grenlandiyani qo‘shib olish uchun kuch ishlatish mumkinligini yana bir bor tahdid sifatida tilga olgan edi. “Grenlandiya masalasida biz nimadir qilamiz — ularga yoqadimi-yo‘qmi”, — degan u Oq uyda. AQSh prezidenti, shuningdek, Arktikada Rossiya va Xitoy tahdidlarini keltirib, Grenlandiyaga nisbatan hududiy da’volarini asoslagan. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, “agar buni Qo‘shma Shtatlar qilmasa, Grenlandiyani Rossiya yoki Xitoy egallab oladi”.

Mavzuga oid