15:59 / 07.04.2023
7264

Moskva birjasida yevro 90 rubldan oshib ketdi

Foto: Picture Alliance

Moskva birjasida 1 yevro 90 rubldan, 1 dollar 82 rubldan oshdi. Bungacha shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar 2022 yilning aprel oyida qayd etilgan edi.

Moskva birjasida 1 yevro Toshkent vaqti bilan soat 14:10 da 90,3 rubl, dollar 82,5 rubl ko‘rsatkichidan oshib ketdi. Bu haqda 7 aprel, juma kuni birja saytida e’lon qilingan valuta bozori holati bo‘yicha elektron tablo ma’lumotlarida aytilgan. Bungacha shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar 2022 yilning aprel oyida qayd etilgan edi.

Tahlilchilar rublning zaiflashishi sabablari orasida Rossiyadan kapitalning chiqib ketishi natijasida valutaga spekulyativ talabni, G‘arb sanksiyalari fonida eksport kamayishi bilan importning o‘sishini, neft narxi ko‘tarilishi tufayli Rossiya Moliya vazirligi chet el valutasi savdosini kamaytirganini keltirdi.

2023 yil yanvar-fevral oylarida Rossiya budjeti taqchilligi, Moliya vazirligi dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2,581 trillion rublni yoki yil uchun rejalashtirilgan 2,925 trillion rublning deyarli 90 foizini tashkil etdi. Muammolar, tahlilchilarga ko‘ra, neft va gaz sotishdan tushgan daromadlar bilan bog‘liq. Vazirlik dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ular deyarli yarmiga qisqardi. Bu, asosan, neft narxi pasayishi va tabiiy gaz eksporti qisqarishi bilan bog‘liq, deb e’lon qildi Rossiya Moliya vazirligi. 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, gaz eksporti kamayishi ham Rossiyaga YeI davlatlari tomonidan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar, ham Rossiyaning o‘zi «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlarga energiya yetkazib berishdan bosh tortgani va «Shimoliy oqim» gaz quvuri yopilishi bilan bog‘liq. 

Iqtisodchi Sergey Aleksashenko yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 4,5 trillion rublgacha ko‘tarilishini bashorat qildi. «Moliya vazirligida bu teshikni yopish uchun ikkita manba bor: hozirda 6,5 trillion rublga ega bo‘lgan Milliy farovonlik jamg‘armasidan foydalanish. Shunga ko‘ra, ular teshikni 2023 yilga yopishsa, unda bir necha trillion rubl qoladi. Ikkinchi variant. davlat banklarining krediti, ular bilan muzokaralar olib borish oson bo‘ladi va banklar, hozirgi haqiqatda, investitsiya qiladigan joyi yo‘q, shuning uchun bu ular uchun ham foydalidir. Endi Moliya vazirligi o‘zini nisbatan xavfsiz his qilishi mumkin, ammo 2024 yilgi budjet tushunarsiz holatda qolishini bilyapti», dedi Aleksashenko. 

Mavzuga oid
Top