Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sobiq deputat Rossiya Konstitutsiyaviy sudida “chet el agentlari” haqidagi qonunga qarshi chiqdi
Moskva shahar dumasining sobiq deputati Mixail Timonov xorijiy moliyalashtirish bo‘lmasa ham “chet el agenti” deb topishga imkon beradigan qoidalarni tekshirishni so‘ramoqda. Uning fikricha, qonun Konstitutsiyani buzadi va uni o‘zboshimchalik bilan qo‘llashga yo‘l ochadi.
Foto: RFE / RL
Moskva shahar dumasi sobiq deputati Mixail Timonov 2023 yilda “chet el agenti” deb e’lon qilinganidan so‘ng, RF Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilib, “chet el agentlari” haqidagi qonunning ayrim qoidalari Konstitutsiyaga mos yoki mos emasligini baholashni so‘radi. Bu haqda u 6 yanvar, seshanba kuni kechqurun Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.
Timonov insonni xorijdan moliya (mablag‘) olmagan bo‘lsa ham “chet el agenti” deb topishga imkoniyat beradigan normalarga qarshi chiqmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qoidalar Rossiya Konstitutsiyasini buzadi va huquqni qo‘llashda o‘zboshimchalikka sharoit yaratadi.
Sobiq deputat ta’kidlashicha, “chet el agentlari” haqidagi qonunni Rossiya prezidenti, parlament va huquqni qo‘llovchilar turlicha talqin qiladi, shuningdek u “keng ko‘lamli o‘zboshimchalik va sudsiz jazolash uchun eng keng sharoitlarni yaratadi”.
Mixail Timonov Konstitutsiyaviy suddan xorijdan pul yoki mol-mulk olmagan shaxsni ham “chet el agenti” deb tan olishga yo‘l qo‘yadigan normalarga baho berishni so‘radi, shuningdek ommaviy hokimiyatning vakillik organi deputati ham “chet el agenti” deb topilishi mumkinligi haqidagi imkoniyatga ham qarshi chiqdi.
Timonov butun qonunni konstitutsiyaga zid deb hisoblashini aytdi, biroq u faqat o‘ziga bevosita ta’sir qilgan qoidalargagina qarshi chiqa olishini ta’kidladi. Uning aytishicha, unga va yana bir qator siyosatchilarga xorijiy manbalardan moddiy foyda olgani ayb sifatida qo‘yilmagan. Timonovning so‘zlariga ko‘ra, “chet el agenti” maqomi unga, Moskva shahar dumasi sobiq deputatlari Darya Besedina va Yevgeniy Stupinga, shuningdek siyosatchilar Boris Vishnevskiy va Lev Shlosbergga “xorijiy ta’sir ostida bo‘lish” degan iboraga asoslanib berilgan.
Mixail Timonov tushuntirishicha, uni “chet el agenti” deb topishga asos bo‘lgan narsa — u avvaldan “chet el agenti” maqomi berilgan shaxslarga ikki marta intervyu bergani. “Go‘yo ular menga o‘z fikrimni bildirish uchun maydon bergan va shu tariqa — meni qo‘llab-quvvatlagan ekan. Nihoyatda g‘alati pozitsiya! Shu mantiqqa ko‘ra, xorijiy jurnalistlarga intervyu beradigan Rossiyaning barcha oliy rahbarlari ham ‘chet el agenti’ bo‘lib chiqadi!” — deya qayd etdi Timonov.
U bu mantiqni noaniq va isbotlab bo‘lmaydigan deb atab, bunday talqin xorijiy ta’sir deb xorijiy manbalar bilan har qanday shakldagi o‘zaro aloqani ham hisoblash imkonini berishini aytdi.
Sobiq deputat, shuningdek, “chet el agentlari” qonuni yuzasidan RF Konstitutsiyaviy sudiga Sankt-Peterburg Qonunchilik majlisi sobiq deputati Boris Vishnevskiy va “Yabloko” partiyasi raisi o‘rinbosari Lev Shlosberg ham murojaat qilganini bildirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq “chet el agentlari” haqidagi qonun AQShda 1940-yillarda o‘ylab topilganini aytgan va Rossiyada, uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqomning o‘zi uchun qamoq jazosi nazarda tutilmaganini ta’kidlagan.
Biroq “chet el agenti” majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash haqidagi Jinoyat kodeksi moddasi haqiqiy ozodlikdan mahrum qilish jazosini — 2 yilgacha muddatni nazarda tutadi. Shu modda bo‘yicha jurnalist Yuriy Dud va siyosatchi Ilya Yashin sirtdan 1 yil-u 10 oy muddatga koloniya jazosiga hukm qilingan, yozuvchi Grigoriy Chxartishvili (Boris Akunin) esa sirtdan 1 yilga hukm qilingan. “Bo‘yin tovlash” deb hatto ijtimoiy tarmoqdagi istalgan materialni — shu jumladan mutlaqo shaxsiy mazmundagisini ham muallif “chet el agenti” deb tan olingani haqidagi ko‘rsatmasiz e’lon qilish ham hisoblanadi.
Rossiya qonunchiligi “xorijiy ta’sir” ostida bo‘lgan shaxsni “chet el agenti” deb topishga yo‘l qo‘yadi, “xorijiy ta’sir” deganda xorijiy manbalar tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishi yoki boshqa turdagi ta’sir o‘tkazilishi, jumladan ishontirish yoxud ta’sirning boshqa shakllari tushuniladi.
Mavzuga oid
15:07 / 29.12.2025
Moskvada dronlar sabab 312 ta aviareys kechiktirildi va bekor qilindi
16:12 / 27.12.2025
“Meduza” asoschisi Timchenko sirtdan 5 yilga koloniyaga hukm qilindi
10:25 / 27.12.2025
Moskva: Kiyev AQSh rejasi bo‘yicha muzokaralarni to‘syapti
14:25 / 24.12.2025