Jahon | 16:12
558
4 daqiqa o‘qiladi

“Meduza” asoschisi Timchenko sirtdan 5 yilga koloniyaga hukm qilindi

Moskva shahri Cheryomushkin tuman sudi Galina Timchenkoni “nomaqbul tashkilot” faoliyatini boshqarganlikda aybdor deb topdi. 2024 yil iyun oyida u shu modda bo‘yicha jarimaga tortilgan edi, ammo Timchenko o‘z ishini davom ettirgan.

Foto: Interfaks

Moskva shahri Cheryomushkin tuman sudi “Meduza” nashri asoschisi Galina Timchenkoni “nomaqbul tashkilot” faoliyatini boshqarganlikda aybdor deb topib, uni sirtdan umumiy rejimli koloniyaga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Moskva prokuraturasining Telegram-kanalida 25 dekabr, payshanba kuni xabar e’lon qilindi. Moskva prokuraturasi ayni shu muddatdagi jazoni so‘ragan edi. Bundan tashqari, Timchenko 5 yil davomida “tashkiliy va ma’muriy-xo‘jalik funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq lavozimlar”ni egallash huquqidan ham mahrum qilindi.

Timchenko bu jazoni 2024 yil iyunida “nomaqbul tashkilot” faoliyatida ishtirok etganlik haqidagi ma’muriy bayonnoma asosida 14 ming rubl jarimaga tortilganiga qaramay, “Meduza”da ishlashni davom ettirgani uchun oldi. Jinoyat ishi ham xuddi shu modda bo‘yicha 2025 yil iyunida qo‘zg‘atilgan. Iyul oyida Galina Timchenko sirtdan hibsga olingan.

Ayblov xulosasida Galina Timchenko “Meduza”ni “davlat tuzilishiga, amaldagi hokimiyatning ichki va tashqi siyosatiga nisbatan nafrat va mensimaslik his qilib” tashkil etgani ta’kidlangan. “Meduza” “nomaqbul tashkilot” deb e’lon qilinganidan keyin esa Timchenkoda nashr faoliyatini davom ettirish niyati “mamlakat axborot maydonida qolish” uchun paydo bo‘lgani aytilgan. “Bundan tashqari, u videoxostinglardan biridagi sahifalari orqali Rossiya Federatsiyasida sodir bo‘layotgan turli voqealarga oid axborot materiallarini tarqatmoqda”, deyiladi prokuratura xabarida.

“Ajablanarlisi, hech qanday alohida his-tuyg‘u yo‘q. Faqat o‘ylab qoldim: rejim ‘nafas olgandek yolg‘on gapiradigan’ bir paytda ayblov xulosasida haqiqat yozilgani g‘alati ekan. Men haqiqatdan ham millionlab odamlarning hayotini do‘zaxga aylantirganlarga, har kuni ularni o‘limga yuborib turadiganlarga nafrat va mensimaslik his qilaman. Hukmning o‘ziga kelsak, mashhur ibora bor: u yozilgan qog‘ozga ham arzimaydi”, — dedi Timchenko Cheryomushkin sudi hukmini eshitgandan so‘ng “Meduza”ga.

2023 yil yanvarda RF Bosh prokuraturasi “Meduza” nashrini “nomaqbul tashkilot” deb tan olgan. Nashr faoliyati mamlakatning “konstitutsiyaviy tuzum asoslari va xavfsizligi”ga tahdid solishi qayd etilgan. 2024 yil avgustda Rossiya Adliya vazirligi Galina Timchenkoni “chet el agentlari” reyestriga kiritgan.

Bunday maqomni berish to‘g‘risidagi qarorni RF Bosh prokuraturasi qabul qiladi. Reyestrni yuritish esa Adliya vazirligi zimmasida. 2024 yilda RF prezidenti Vladimir Putin “nomaqbul” deb tan olishni kengaytiruvchi qonunni imzolagan: agar xorijiy yoki xalqaro tashkilotning ta’sischisi yoki ishtirokchisi sifatida boshqa davlatning davlat organlari qatnashsa, u tashkilot “nomaqbul” deb topilishi mumkin. Bu esa 2025 yil dekabrida Deutsche Welle’ni ham ro‘yxatga kiritish imkonini bergan.

Rossiyada “nomaҡbul tashkilot” maqomining berilishi — uning Rossiya hududidagi faoliyati taqiqlanishini anglatadi. Bunday tuzilmalar bilan hamkorlik qilish va ular materiallarini tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi. Ishtirok uchun 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin. Faoliyatni tashkil etganlik uchun esa 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid