12:19 / 07.04.2023
5143

Senatorlar ombudsman faoliyatidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi

Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Foto: Senat.uz

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi. Ta’kidlanishicha, ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan hisobot davrida 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. Majlisda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, qiynoqlar oldini olish, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilgan ishlari eshitildi.

Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ombudsmanning Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ombudsman faoliyatida ayrim kamchiliklar saqlanib qolganligi senatorlar tomonidan qayd etildi.

2022 yilning 2-yarim yilligida Yagona onlayn platforma orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ombudsman faoliyati nisbatan past baholangan.

Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga kiritilgan ta’sir choralarining samaradorligi pasaygan.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari ayrim viloyatlarda tashkil etilmagan. 

Ombudsman tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmagani oqibatida 2022 yilda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 387 nafar bola oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilmagani, uy-joy berilishi rejalashtirilgan 25 nafar bola esa uy-joy bilan ta’minlanmagani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Majlisda ombudsmanga eng ko‘p murojaat yo‘llangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan ta’sir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Yetim bolalar va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning oilalarga va bolalar muassasalariga to‘liq joylashtirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, oilalarga berilgan bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularga yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Senat tegishli qarori qabul qilindi.

Top