21:12 / 12.04.2023
8316

Toshkent aeroportida ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi 120 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilindi 

Yo‘lak barcha turdagi samolyotlarni qabul qiladi va 285 tonnagacha yuklarga bardosh bera oladi. 

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportida ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. 

O‘tgan yili avgust oyida boshlangan ishlar 12 aprelda tugatildi va uzunligi 3905 m, kengligi 60 m bo‘lgan, barcha turdagi samolyotlarni qabul qiladigan uchish-qo‘nish yo‘lagi foydalanishga topshirildi. Yo‘lak 285 tonnagacha yuklarga bardosh bera olishi aytilmoqda. 

Shuningdek, uchish-qo‘nish yo‘lagi ICAO birinchi toifasiga mos keladigan zamonaviy energiya tejovchi yoritish uskunalari va qo‘nish tizimiga ega. Bu esa gorizontal ko‘rinish 800 m va vertikal ko‘rinishi 60 m bo‘lganda ham samolyotga qo‘nish imkonini beradi. 

«Bugun biz yangilangan ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini ochmoqdamiz. Yo‘lak oxirgi marta 1996 yilda rekonstruksiya qilinganini hisobga olsak, bu Toshkent aeroporti uchun juda muhim voqea. Uchish-qo‘nish yo‘lagining holati esa parvozlar xavfsizligini ta’minlashning muhim mezoni hisoblanadi. Bundan tashqari, parvozlar soni har yili taxminan 50 foizga oshmoqda. Hozir aeroportda kuniga o‘rtacha 140 ta reys amalga oshirilmoqda. Toshkent esa «hab» — markazga aylanib bormoqda», deb izoh berdi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva. 

Rekonstruksiya loyihasi 120 milliard so‘mga baholangan. Loyiha Development infrastructure and design kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ishlar esa «Dorkompleksnab Plus» tomonidan amalga oshirilgan. 

Mavzuga oid
Top