12:18 / 18.04.2023
25985

Toshkent viloyatida 9 qavatli bino qurilishi to‘xtatildi

Vazirlik o‘tkazgan tekshiruvda Olmaliq shahrida 9 qavatli bino zilzila talablariga javob bermay qurilayotgani aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qurilayotgan 9 qavatli uyning sifati tanqid qilingan video ortidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berishicha, qurilishda bir qator qoidabuzarlik va sifatsiz bajarilgan ishlar aniqlandi.

Binoni qurishda «Zilzilaviy hududlarda qurilish» me’yor talablari buzilgan. Kotlovan tayyorgarligi to‘g‘risida geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi bo‘yicha laboratoriya xulosalari to‘liq rasmiylashtirilmagan.

Obektning barcha qavatlarini ko‘tarishda monolit-beton kontruksiyalarning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya sinovlarining xulosalari olinmagan. Shuningdek, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan.

Bundan tashqari, xavfsizlik lentalari tortilmay turib, opalubka montaj ishlari bajarilgan. Opalubka montaj ishlarida loyihadan chetga chiqilgan.

Qurilishning belgilangan ijro hujjatlari, xususan, qoidaga ko‘ra qurilishi bo‘yicha ijro sxemalar, ishlatilgan qurilish materiallarining sifatini tasdiqlovchi pasport va sertifikatlar, yopiq ishlar dalolatnomalari to‘liq rasmiylashtirilmagan.

«Bugungi kunda qurilish montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilamiz. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklarni loyiha va qurilish me’yorlari talablari asosida bartaraf etilishi yuzasidan texnik nazoratchi hamda pudratchi mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan», deyiladi xabarda.

Pudrat tashkiloti rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasiga asosan (Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) jarimaga tortilgan. Kodeksda bunga BHMning 5−10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10−20 baravarigacha miqdorda jarima solish belgilangan.

Top