Jahon banki va xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Spring Meetings” – “Bahorgi uchrashuvlari” o‘tgan hafta (10–16 aprel) yakunlandi. (Bahorda “Bahorgi uchrashuvlar”, kuzda esa “Kuzgi uchrashuvlar” – “Autumn Meetings” bo‘lib o‘tadi.)
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan panel uchrashuvlarida davlatlarning moliya vazirlari, markaziy bank rahbariyatlari bank sektoridagi bosim va barqaror inflatsiya, [davlat] qarzlarining oshishi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va iqlim o‘zgarishi xavfi ortib borayotgani, dunyodagi qashshoqlik va unga yechimlar masalasini muhokama qildi.
Jahon banki va XVJning bir hafta davom etadigan bahorgi uchrashuvi global iqtisodiyot holatini muhokama qilish uchun moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarini birlashtiradigan katta tadbirdir.
2008 yilgi global krizisga qadar bu uchrashuv faqat “Katta yettilik” (Great-7) davlatlari ishtirokida o‘tgan bo‘lsa, krizisdan keyin “Katta yigirmalik”ka (Great-20) kiruvchi davlatlar moliya vazirlarini jalb qildi. Bahorgi uchrashuv, shuningdek, G-24 guruhiga kiruvchi rivojlanayotgan mamlakatlar moliya vazirlarining uchrashuvlarini ham o‘z ichiga oladi.
Rivojlanayotgan davlatlar qarzi
Rivojlanayotgan mamlakatlarda qarz so‘nggi 50 yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Yig‘ilishlarda qarzning barqarorligi masalasi ham diqqat markazidan uzoqda bo‘lmadi. Jahon suveren qarz davra suhbatida asosiy e’tibor qarzni qayta rejalashtirish jarayonini tezlashtirish va uni yanada samaraliroq qilish yo‘llariga qaratildi. Davra suhbatida makroiqtisodiy prognozlar va qarz barqarorligini baholash bo‘yicha axborot almashishni yaxshilash zarurligi to‘g‘risida kelishib olindi.
Rivojlanayotgan davlatlar yirik kreditorlar o‘rtasidagi kambag‘al mamlakatlarning milliardlab dollarlik qarzlarini qanday qayta rejalashtirish bo‘yicha bahsni hal qilishni talab qilishdi. Muhokamalar XVF, Xitoy, banklar va obligatsiya xaridorlari kabi kreditorlar o‘rtasidagi qiyin vaziyatdan chiqishga qaratildi.
Global o‘sish sekinlashishi va foiz stavkalari ko‘tarilishi ko‘proq mamlakatlarni qarz inqiroziga olib kelar ekan, inqirozni bartaraf etish harakatlari hozircha yetarli emas. Bahorgi yig‘ilishlar tadbirida qarzning shaffofligini oshirish va tezroq kelishuvlarni amalga oshirish dolzarbligi, mamlakatlarga qarzni samaraliroq boshqarishga yordam beradigan islohotlar zarurligi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

















