18:07 / 20.04.2023
10342

O‘zbekistonda gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaydi

2023 yilning dastlabki 3 oyida gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari pasaygani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaydi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida ma’lum qilingan.

2023 yilning dastlabki 3 oyida O‘zbekistonda 12,3 mlrd kub.m. gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 mlrd kub.m. kam. 2022 yilning dastlabki 3 oyida 13,6 mlrd kub.m. gaz qazib olingan edi.

Agentlik hisobotida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham kamayganini ko‘rish mumkin. 2023 yilning dastlabki 3 oyida 18,5 mlrd kVt*s elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 980 mln kVt*s kam. 2022 yilning dastlabki 3 oyida 19,5 mlrd kVt*s elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.

Hisobotda ko‘mir qazib olish, gaz kondensati va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmining ham kamaygani aks etgan.

Faqat neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshgan. 2023 yilning dastlabki 3 oyida 195,5 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 ming tonnaga ko‘p.

 

Top