17:31 / 22.04.2023
9570

Belgorodda "portlovchi buyum" tufayli aholini evakuatsiya qilish boshlandi

Belgorodda Shalandin va Gubkin ko‘chalari, shuningdek, Vatutin prospektidagi 17 ta ko‘p qavatli uy aholisi evakuatsiya qilinadi, bu 3000 dan ortiq odamga ta’sir ko‘rsatadi, deb xabar berdi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov.

Foto: Pavel Kolyadin/TASS/dpa/picture alliance

Uning ta’kidlashicha, Shalandin, 15-uy manzilida "favqulodda holat" ro‘y bergan - "sapyorlar tomonidan portlovchi buyum topilgan", uni poligonda zararsizlantirishga qaror qilingan.

21 aprel oqshomida Belgorodda yashovchi jurnalist Nikita Parmenov “shaharga yana bir snaryad tushgani, bu katta ehtimol bilan ikkinchi bomba” ekanini, u portlamagani haqida ma’lumot berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea birinchi bomba tushgan joydan bir ko‘cha narida, Shalandin ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Belgorodning markaziy qismida 20 aprel kuni kechqurun aviabomba portlab ketdi, uni Rossiyaning Su-34 harbiy samolyoti shaharga tashlab yubordi. Rossiya Mudofaa vazirligi hodisani “aviatsiya o‘q-dorisining g‘ayritabiiy tushishi” deb atadi. 

“20 aprel kuni HKK Su-34 samolyotining Belgorod shahri uzra parvozi chog‘ida aviatsiya o‘q-dorisining g‘ayritabiiy tushishi sodir bo‘ldi. Natijada turar joy binolariga shikast yetgan, jabrlanganlar yo‘q. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida. Mudofaa vazirligi boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.

Avvalroq Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov o‘zining Telegram-kanalida portlashdan so‘ng markaziy ko‘chalardan birining (Vatutin – Gubkin) chorrahasida radiusi 20 metr bo‘lgan ulkan o‘ra hosil bo‘lganini yozgan edi. 

“Yaqin-atrofdagi turar joy binosining oynalari singan, portlash natijasida to‘xtab turgan bir nechta mashina shikastlangan va elektr uzatish liniyalari ishdan chiqqan”, — deyiladi uning postida.

Mavzuga oid
Top