20:09 / 22.04.2023
19238

Ukraina o‘z havo hududi ustidan nazoratni yo‘qotishi mumkin - The Times

Kiyev g‘arbiy ittifoqchilarning qo‘shimcha qurol yetkazib berishiga muhtoj.

Foto: The Times

Ukraina harbiylari mamlakat havo hududi ustidan nazoratni yo‘qotish xavfi ostida. G‘arb qo‘shimcha qurol so‘roviga javob bermasa, bunday ssenariy yuzaga kelishi mumkin.

The Times nashrining yozishicha, Pentagonning internetga sizdirilgan o‘ta maxfiy hujjatlari Ukraina armiyasining zaif tomonlarini ochib bergan va xavotir qo‘ng‘irog‘ini chalmoqda. Ular Ukrainada havo hujumiga qarshi o‘q-dorilar kamligini ko‘rsatgan, oqibatda kelasi oydayoq mamlakat o‘z osmoni ustidagi nazoratni Rossiyaga boy berishi mumkin.

Rossiya allaqachon Ukrainaga havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazib berishning qisqarishiga e’tibor qaratgan. Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilish bo‘yicha qishki kampaniya muvaffaqiyatli bo‘lmadi, biroq u shaharlar va muhim inshootlar yaqinida havo mudofaa vositalarining to‘planishiga olib keldi. Oqibatda front chizig‘i osmoni deyarli ochiq holda, himoyasiz qoldi.

Shu bilan birga, Rossiya o‘zining FAB-500 bombasini mukammallashtirdi, uning qanotlarini GPS tizimi bilan jihozladi. Bu esa uni jangovar samolyotdan tashlash va mustaqil ravishda nishonga yetib borish imkonini beradi. Bunda samolyotning Ukraina hududiga kirishi ham shart emas. Bu esa uning urib tushirilish ehtimolini yo‘qqa chiqaradi.

Aynan shunday bombaning Su-34 samolyotidan tashlab yuborilishi oqibatida Rossiyaning Belgorod shahriga tasodifiy zarba berildi. Bunda kamida uch kishini jarohatlandi. Tahlilchilar bu kabi hodisalarning ko‘payishini Rossiya harbiy parvozlari sonining keskin oshgani bilan bog‘lamoqda.

Ukraina harbiylari endi yaqinlashib kelayotgan qarshi hujumda quruqlikdagi kuchlarni havodan qanday himoya qilish haqida bosh qotirmoqda.

Top