09:38 / 27.04.2023
5385

Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya harbiy-havo kuchlari qo‘mondonlari uchrashdi

26 aprel kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligida vazir o‘rinbosari - havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Ahmad Burxonov Turkiya harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Atilla Gulan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi Gazeta.uz.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, harbiy-havo kuchlari sohasida hamkorlik, bu borada soha mutaxassislarining malakasini oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Chirchiqda joylashgan harbiy qismda bo‘lib, harbiy qism faoliyati va ko‘rgazmali parvozlar bilan tanishishdi.

«Turkiya Respublikasining Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni armiya generali Atilla Gulan O‘zbekiston harbiy mutaxassislarining bilim va tajribalarini yuqori baholar ekan, kelgusida soha yo‘nalishida tashkil etiladigan amaliy ishlar ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Turkiya harbiy delegatsiyasining tashrifi 27 aprel kuni Qarshidagi O‘zbekiston Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishish bilan davom etadi.

Mavzuga oid
Top