11:53 / 04.05.2023
4107

Yevroittifoq raketa va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni oshirmoqda

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida raketa va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi quvvatlarni yaratish, kadrlarni qayta tayyorlash va ishlab chiqarishni optimallashtirish uchun yarim milliard yevro ajratilmoqda.

Foto: Getty Images

Yevrokomissiya 3 may, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqining ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda o‘q-dorilar, raketalar va ularning tarkibiy qismlari taqchilligini bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik taklifini ma’qulladi. Yevrokomissiya ushbu maqsadlar uchun 500 million yevro ajratishni taklif qilmoqda va YeI davlatlarini snaryadlar ishlab chiqarishga yana 500 million yevro investitsiyalarni jalb qilishga chaqirmoqda.

Bryussel iyun oyi oxirigacha Yevroparlament va YeI Kengashi tomonidan tegishli qonunning tezkorlik bilan qabul qilinishiga umid qilmoqda. Unda ko‘zda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari 2025 yilning o‘rtalariga qadar amal qiladi.

"Biz zaxiralar qisqarishini qoplash uchun ko‘proq ishlab chiqarishimiz kerak: sizlarga ma’lumki, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainani zarur o‘q-dorilar bilan ta’minlash uchun bunga majbur bo‘lgan", - deya tushuntirdi ichki bozor bo‘yicha Yevropa komissari Terri Breton Bryusseldagi matbuot anjumanida. Uning eslatishicha, Yevropa Ittifoqi yaqin o‘n ikki oy ichida Kiyevga million artilleriya snaryadi yetkazib berish majburiyatini olgan.

Bu Yevropa Ittifoqining Ukrainani tezda o‘q-dorilar va raketalar bilan ta’minlash, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning o‘z zaxiralarini to‘ldirish rejasining uchinchi qismidir. Birinchi qism Yevropa Ittifoqi mamlakatlari zaxiralaridan o‘q-dorilarni Kiyevga zudlik bilan yetkazib berishni, ikkinchisi - Ukrainani yanada ta’minlash va Yevropa mamlakatlari armiyalari zaxiralarini to‘ldirish uchun qo‘shma xaridlarni o‘z ichiga oladi. Yevrokomissiya dastlabki ikki bosqich uchun bir milliard yevro ajratishni taklif qildi, uning birinchi bosqichi YeI Kengashi tomonidan ma’qullangan.

Mavzuga oid
Top