Jahon | 12:17 / 19.01.2026
2573
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq AQSh bilan savdo kelishuvini ratifikatsiya qilishni to‘xtatadi

YeI va AQSh o‘rtasidagi muhim transatlantik savdo kelishuvi, AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya bo‘yicha pozitsiya sabab Yevropa davlatlarining sakkiztasiga 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng, Yevroittifoq qonun chiqaruvchilari tomonidan ma’qullanmaydi. Yevroparlamentdagi eng yirik fraksiya - Yevropa xalq partiyasi (YeXP) rahbari, nemis deputati Manfred Veber bu haqda 17 yanvar kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Foto: Panama Pictures/IMAGO

“YeXP YeI va AQSh o‘rtasida savdo kelishuvini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha tahdidlarini inobatga olsak, hozirgi bosqichda uni ma’qullash mumkin emas. Amerika tovarlariga nol tariflarni joriy etish to‘xtatilishi kerak”, — deb yozdi Veber.

Politico nashri eslatishicha, kelishuv AQShning YeIdan importga tariflarini 15 foiz darajasida belgilashni ko‘zda tutgan, bunga javoban Yevropa hamjamiyati Amerika eksportiga qo‘yilgan bojlardan voz kechishi kerak edi.

Ushbu nashr ma’lumotiga ko‘ra, Yevroparlament AQShdan keladigan sanoat tovarlariga tariflarni bekor qilish masalasida o‘z pozitsiyasini belgilashi kerak bo‘lgan ovoz berish 26 yanvar kuni kutilgan. 14 yanvar, chorshanba kuni deputatlar ratifikatsiyani “muzlatish” bo‘yicha qarorni kechiktirgan.

Endi deputatlar bitimni muzlatishga tayyor ekanini 21 yanvar kuniyoq tasdiqlashi mumkin. Reuters agentligi aniqlashtirishicha, murosa ishlab chiqilishidan oldin Vashington va Bryussel o‘rtasida uzoq muzokaralar bo‘lgan.

“Chorshanba kuni qaror qabul qilganimizda, Yevroparlament tarif kelishuvini ilgari surishga ‘yashil chiroq’ yoqishi uchun imkoniyat ko‘rmadim. Aksincha, YeI prezident Trampning tarif hujumlariga, shu jumladan Shvetsiyaga qarshi qaratilgan hujumlarga javob berishga tayyorlanishi kerak”, — dedi Yevroparlament a’zosi, Renew Europe siyosiy guruhining savdo bo‘yicha koordinatori Karin Karlsbru. “Agar bosim va majburlash davom etsa, biz na javob tariflarini, na (savdo — tahr.) ‘bazuka’sidan foydalanishni istisno qila olmaymiz”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Bu yerda gap YeIning majburlashga qarshi instrumenti — Anti-Coercion Instrument (ACI) haqida ketmoqda. Bu Yevroittifoq ishlab chiqqan reglament bo‘lib, YeIga siyosiy bosim o‘tkazayotgan biror davlatdan tovar va xizmatlar importini operativ tarzda cheklash imkonini beradi. Savdo “bazuka”si hali amalda qo‘llanmagan.

Bundan oldin, 17 yanvar kuni Donald Tramp 1 fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyadan AQShga yetkazib beriladigan barcha tovarlarga 10 foiz miqdorida boj joriy etilishini e’lon qildi. 1 iyundan esa u 25 foizgacha oshiriladi.

Tramp qo‘shimcha qilishicha, bojlar “Grenlandiyani to‘liq va mutlaq sotib olish” bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha amal qiladi. AQSh prezidenti orol ustidan nazorat o‘rnatish istagini bir necha bor bildirgan, u bu g‘oyani ilk bor 2019 yilda, birinchi prezidentlik muddatida aytgan.

Shu orada, 18 yanvar kuni Yevroittifoq davlatlari elchilari vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilishga to‘plandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid