22:19 / 06.05.2023
26041

“Kuniga 60 ming so‘m topamiz” – qo‘l mehnati ortidan o‘g‘il uylab, qiz uzatgan ishchi ayol hikoyasi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanining Yog‘du mahallasida yashovchi Muhojar Nurillayeva yoshligidan dalada ketmon chopib katta bo‘lgan. Otasi yo‘qligi, onasining erta o‘limi uning yo‘lini ilm olishdan dala tomon o‘zgartirib yuborgan.

Kelin bo‘lib borgan xonadoni ham oddiy dehqon oilasi edi. Turmush o‘rtog‘i bilan uch farzandni voyaga yetkazish uchun erta bahordan to kech kuzgacha dalalarda qo‘li qavardi. Har yili «ilik uzdi» paytida puldan qiynalib qolmaslik uchun fermerlarning pilla qurtini boqdi. Kech kuzda hosildan kelgan daromaddan qoramol olib, qishi bilan chorva parvarish qildi.

Afsuski, 2019 yilda turmush o‘rtog‘i bu olamdan ko‘z yumdi. Ancha ulg‘ayib qolgan farzandlari ro‘zg‘orda pul topadigan, onasiga yelkadosh bo‘ldi. Hozirda uning katta o‘g‘li uylangan, dorixonada sotuvchi bo‘lib ishlaydi.

Muhojar opa esa mavsumiy ishlarga chiqadi. Uning aytishicha, hozirda bir kunlik ish haqi 60 ming so‘mni tashkil etadi.

Muhojar opa halol mehnati ortidan o‘g‘lini uyladi, qizini uzatdi. O‘g‘illariga uy-joy qildi. Hozir ham mehnatdan to‘xtagani yo‘q. “Uydagi ishlarimni kelinim qilyapti, men xotirjam dalada ishlasam bo‘ladi”, — deydi qahramonimiz.

Ulardan ro‘zg‘ordagi baraka nima deb so‘raganimizda, “boriga shukr qilishda”, deb javob berdi.

Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top