O‘zbekiston | 21:57 / 09.05.2023
60541
12 daqiqa o‘qiladi

“Qonun o‘zgartirilishi shart” – faollar nashid eshitgani yoki uni ulashgani uchun qamalib ketayotganlar ishi haqida

Kecha, 8 may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqich talabasi, 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 3 yilga qamaldi. U 2022 yilda sinfdoshlari mavjud telegram guruhga YouTube'dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun havola yuborgan.

Nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi bilan “aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan” deb topilgan.

Umuman, bu telefonidan diniy qo‘shiq topilgani yo uni kimgadir yuborgani uchun qamalayotgan ilk o‘zbekistonlik emas. Oxirgi vaqtlarda ayni sabab bilan qamalayotganlar soni ko‘payib bormoqda.

Kun.uz muxbiri telefonida nashid saqlagani yo uni kimgadir ulashgani uchun qamalib ketayotganlar soni oshib borayotgani, Jinoyat kodeksidagi bunga sabab bo‘layotgan moddalar, undagi bo‘shliqlar va jamoatchilikning bu boradagi e’tirozlari mavzusida jamoatchilik faollari bilan intervyu o‘tkazdi.

Intervyu mehmonlari huquqshunos, advokat Razzoq Altiyev, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va siyosatshunos, jamiyatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

— Men yozilgan ilmiy qoidasi bo‘yicha o‘qiyman, nashid deb islom dinida ma’lum yo‘nalishda va cholg‘u asbobi bilan aytiladigan musiqa asari tushuniladi. 

Xo‘sh, huquqda, qonunchilikda nashid nima o‘zi? Qaysi nashid jamiyat, davlat, tuzum uchun xavfli va qaysinisi aksincha? Buni aniqlash chegaralari qanday? Nega so‘nggi vaqtlarda bu kabi ayblov bilan qamalayotganlar soni O‘zbekistonda keskin ko‘payib bormoqda?

Razzoq Altiyev:

— “Nashid” arabchada qo‘shiq, madhiya degan ma’nolarni beradi. So‘nggi vaqtlarda jamiyatda nashida taqiqlangan, degan tushuncha paydo bo‘lyapti. Aslida, nashida degan istiloh qonunlarimizda yo‘q. Aqidaparastik, separatistik g‘oyalarga asoslangan diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash, tarqatish, olib kirish kabi holatlar taqiqlanadi. Bu masala o‘zi dolzarb masala.

Taqiqlangan mazmundagi materialni saqlagan va bu tarqatish maqsadida bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi. Deylik, arab tilini bilmasa, shunchaki o‘sha qo‘shiq yoqib qolgan bo‘lsa, shuni kim bilandir bo‘lishish holatlari ham bo‘ladi.

Abdurahmon Tashanov:

— Birinchi ma’muriyat davrida hukumatning ma’naviy-huquqiy qiyofasi diniy ekstremizm bilan bog‘liq bo‘lib qolgan edi. Afsuski, hozir ham mana shu tendensiyaning xavfli bosqichida turibmiz. O‘tgan yili Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyatiga Toshkent shahar Uchtepa tumanida maktab o‘quvchilari ekstremizmda ayblanib qamalgani haqida xabar kelgandi. Ha, ularning jazosi keyinroq yengiliga almashtirildi, lekin bu tendensiya rivojlanib borib 19-20 yoshdagi yoshlarni uzoq muddatga qamash boshlandi. O‘tgan yili 19 yoshli yigit 12 yil-u 3 oyga qamaldi. Bu holat tinimsiz o‘sib boryapti. Bizga yetib kelmayotgan ma’lumotlar qancha hali. Aytganimdek, Karimov davridagi tendensiya boshlanishida turibmiz. Hukumatdagilar buni o‘ylab ko‘rishi kerak. Bu masalaning bir tomoni. Hali qonunchilikni tahlil qilish va o‘zgartirish kiritish masalalarini ham ko‘rish kerak. Uch-to‘rtta faol emas, katta-katta siyosiy institutlar ishlashi kerak bu bilan.

Kamoliddin Rabbimov

Kamoliddin Rabbimov:

— Islom dini biz uchun 14 asrlik qadriyat. Jamiyatning tafakkuri, dunyoqarashi va o‘zini anglashi zamirida Islom turadi. Ikkinchidan, bugun globallashgan axborot davri. Bugungi ijtimoiy tarmoqlarda shu qadar katta axborot oqib o‘tadiki, insonlar ularni ko‘rishga, anglashga vaqti yo‘q. Bugungi kundagi muammo axborot defitsiti (yetishmaslik) emas, balki axborotni anglash. Uchinchidan esa bizda hokimiyat o‘zgargani bilan, kuch ishlatar tizimlarning huquqiy ongi, tafakkuri o‘zgargani yo‘q.

Nashid islomiy mazmundagi qo‘shiq, unda har xil narsalar kuylanadi. Agar taqiqlangan mazmunda bo‘lsa, uning xavf darajasi aniqlanishi kerak: davlatga, konstitutsion tuzumga xavfi tahlil etilishi kerak. Butun dunyoda bunday vaziyatda huquqshunoslar materialning boshqalarga zarari, konstitutsion huquqqa tahdid qilish-qilmasligini aniqlaydi. Dunyo huquqshunosligida ekstremizm degan termin ishlatilmaydi, chunki bu narsani aniqlash, malakalash juda murakkab. Terrorizm, radikallikni aniq ko‘rish, sezish mumkin, lekin ekstremizm unday emas. Ekstremizm deb ayblov qo‘yilganda «menimcha, sening miyangda kayfiyat o‘zgaryapti, yomonlashyapti» degan ma’no anglashiladi. Nashid eshitayotgani uchun bunday qamab yuborish juda kulgili narsa, aslida. Eshitgan odam uni tushunyaptimi, harakatlari o‘zgaryaptimi yomon tarafga, nimadir qilyaptimi — bularni kuzatish yo‘q. Shunchaki eski tizimdagidek qamab yuborilyapti. Hokimiyatning legitimligiga katta zarba beradi bu.

— Bugun internet rivojlangan zamon. Tarmoqlar ochiq. Odamlar o‘ziga yoqqan qandaydir musiqa, qo‘shiqni internetdan yuklab olib eshitishi, uni qaysidir tanishiga yuborishi mumkin. Uning ma’nosini esa doim ham surishtiravermaymiz. Deylik, u xorijiy tildagi qo‘shiq bo‘lsa, hamma ham chet tilini bilmaydi. Bu ma’noda aslida men ham, siz ham, hammamiz jamiyatda potensial jinoyatchilarmiz.

Xo‘sh, davlat odamlarni ular ichidagi xavfli materiallar uchun jazolash, qamashdan avval, vatandoshlarda o‘sha taqiqlangan materiallar borasida tushunchalarini shakllantirib berishi kerak emasmi?

Odamlarda bilim, dunyoqarash, tushunchani yetarli himoya qilmay, nazoratni qilib bermay turib faqat jazo yo‘lidan bormayaptimi bugun davlat? Ya’ni bu yerda maqsad odamlarni noto‘g‘ri, xavfli ma’lumotlardan himoya qilishmi yo faqat qamashmi?

Razzoq Altiyev

Razzoq Altiyev:

— Davlat qat’iy belgilangan qoidalar asosidagina javobgarlikka tortishi mumkin. Fuqaro o‘zi uchun aniq majburiyat yoki taqiq sifatida belgilanmagan harakatlarni sodir etishga haqli bo‘ladi. O‘zi tushunmagan narsani eshitsa, o‘sha tilni bilmasa, bu holatda javobgarlik bo‘lmasligi kerak. Amaldagi qonunda ham bartaraf qilib bo‘lmaydigan tushunmovchiliklar shaxs, fuqaro foydasiga hal bo‘lishi kerak, deb yozib qo‘yilgan. Konstitutsiyaga kiritildi bu. Shaxsning ongidagi narsalardan xabardor bo‘lmaydi hech kim, uning harakatlari maqsadini ko‘rsatib beradi. Shuning uchun jinoyat faqat amalda, harakatda bo‘lsagina javobgarlik keltirib chiqaradi.

Bizda kimdandir shunday material topilsa, o‘sha materialni din bo‘yicha ekspertizaga topshirishadi. Taqiqlangani ma’lum bo‘lsa, u javobgarlikka tortiladi, bo‘ldi. Bunday holatda matn qaysi tildaligi, ayblanuvchi uni tushungan-tushunmagani kabi omillar bor, aslida.

Javobgarlikning ham turlari bor. Biror bir taqiqlangan materialni saqlasa, yengil javobgarlik bo‘ladi. Agar internet orqali tarqatsa, og‘irlashadi. Masalan, ikki shaxs o‘rtasida Telegram orqali bo‘lishish bo‘lsa ham, internet orqali tarqatish ayblovi qo‘yiladi. Oddiy tasodifan yuborish holatlari ham bo‘lishi mumkin. Maqsadlimi, maqsadsizmi — bular o‘rganilmaydi. Ba’zi holatlarda materialda umuman tahdid, davlatchilik haqida gaplar bo‘lmaydi. Yana bir holat bor: birorta shaxsning ma’ruzalarini eshitishni taqiqlab qo‘yishadi. Lekin ayni bir holatda o‘sha odamning tarqatilgan yoki saqlangan ma’ruzasida umuman taqiqlangan narsa bo‘lmasligi mumkin. Lekin baribir aybdor deb topiladi. Qonunchilik nuqtai nazaridan to‘laligicha taqiqlay olmaymiz bir shaxsni. O‘sha odam faqatgina radikal g‘oyasi uchungina javobgar bo‘lishi kerak, boshqa gaplari uchunmas. Oddiy yaxshi narsa gapirilgan ma’ruzalar ham o‘sha radikal ma’ruzalar bilan bir xilda baholanyapti bizda. Aytilgan gaplarning nimasi xavfli ekanini isbotlab berish kerak qonunchilikda. Har bir material individual tahlil qilinishi kerak, bir shaxsni to‘liq taqiqlash emas.

Tarqatish maqsadida saqlash ayblovi ham bahsli. Saqlanayotgan materialning tarqatish yoki tarqatmaslik uchun saqlanayotganini qanday biladi? Deylik, bir materialning ko‘p nusxasi bo‘lsa, u tarqatish uchun bo‘ladi, to‘g‘ri. Lekin bitta bo‘lsa, bilib bo‘lmaydi buni. Qonunchilikdagi bo‘shliq bilan va huquq organlari xodimlarining malakasizligi bilan bog‘liq muammolar bor. Javobgarlik kiritish mezonlari ham bor. Ammo so‘nggi vaqtlarda Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodeksiga javobgarlik kiritish tartibi mezonlaridan chekinish holatlari bo‘lyapti. Alternativ tartibga solish mumkin bo‘lgan holatda jinoiy javobgarlikka tortish yoki ijtimoiy xavfi oshirib ko‘rsatilib javobgarlikka tortish holatlari bo‘lyapti. Va mana shunday muammolarni keltirib chiqaryapti.

Abdurahmon Tashanov

Abdurahmon Tashanov:

— Ekstremizmga qarshi kurashish siyosatini shakllantirayotganda bu masalalar o‘ylanishi kerak edi. Parlamentdagi deputatlar shu narsalarni o‘ylashi lozim edi. Qonun chiqarishdan oldin bo‘lishi kerak edi bunday bahslar. Ekstremizmga qarshi kurash tizimida prokuratura, ekspertlar, sudlar bor. Lekin ekspertlar kim? Ularning ishi nimadan iborat? Men hali birorta bunday ekspertni ko‘rganim yo‘q. Bu yerda ularning barchasi bir xilda ishlayapti mashinadek. Agar ularning ishida farq bo‘lganda, deylik, ekspertlar huquq organlari xodimlarining ishiga yaxshi ma’noda xalaqit berardi, bir-birini tiyish, nazorat qilish bo‘lardi. Demak, bu siyosat shakllanib bo‘lgan. Bu siyosatni o‘zgartirish kerak. Karimov davridagidek dog‘ qolmasin.

Bu holatlar odamlarda qo‘rquv uyg‘otadi, fobiya yuzaga keladi. Ekstremizmga qarshi kurash idoralari xodimlarida islomofobiyani shakllantiradi. Katta qarama-qarshiliklar keltirib chiqaradi. Qonunlarni takomillashtirish kerak. Demokratiyaga iddao qilayotgan bo‘lsak, endi bu masalalarni o‘ylab ko‘rish kerak. Odamlar zarar ko‘radi, lekin davr o‘tadi va katta zararni shu narsani shakllantirgan hukumatning o‘zi ko‘radi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Bunday holatda eng muhim institut — Sud hokimiyati instituti. Ularda humanizm bo‘lishi kerak. Birinchidan, o‘sha nashidni tarqatuvchi shu narsani anglaydimi? Ikkinchidan, tarqatgan bo‘lsa, maqsadlimi yoki yo‘q? Mana shu savollar qo‘yilishi kerak. Hozir kuch ishlatar tizimlar va sud hokimiyati mashina bo‘lib odamlarni qiymalab tashlayapti. Inson taqdirini o‘ylash yo‘q.

Yuqorida ekspertlar noma’lumligini aytdi Abdurahmon Tashanov. Davlatning ekspertiza tizimi markazlashgan va ochiq bo‘lishi kerak. Biz huquqiy demokratik davlatmiz, shuning uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziddiyatli vaziyatlarda insonlarning diniy va vijdon erkinligini ta’minlovchi xulosalar beradigan tashkilot bo‘lishi kerak. Dunyoviy davlat degan narsani hokimiyat dindan uzoqlashtirish sifatida talqin qiladi. Dunyo davlatlarida bunday emas. Davlatning vazifasi din va vijdon erkinligini ta’minlab berish. Bizda tarixiy omillar haliyam ta’sir o‘tkazmoqda. Xalqaro huquqiy me’yorlar mutlaqo boshqacha ishlayapti.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid