Maktab direktori o‘rinbosarlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan qo‘shma qaror qabul qilindi.

Foto: Kun.uz
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha 200 nafargacha direktor o‘rinbosari har chorakda (bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha) Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib boriladi.
Direktor o‘rinbosari umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktori hamda tuman(shahar) yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i lavozimlariga tavsiya etiladi.
Shuningdek, direktor o‘rinbosari lavozimiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- ta’lim muassasalari yoshlarining ma’naviyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida tanlov va tadbirlarni tashkil etish, to‘garaklar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- 4-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Kamalak» va «Yoshlar ittifoqi» sardorlari faoliyati haqida targ‘ibot ishlarini olib borish;
- mahalla yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda maktablarda «Yoshlar daftari»da yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlarini tashkil etish.