12:25 / 13.05.2023
6241

AQSh prezidenti va Ispaniya bosh vaziri Ukrainaga yordam masalasini muhokama qildi

Jo Bayden va Pedro Sanches Oq uyda Ukrainaga yordam va mudofaa sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi. AQSh prezidenti Ispaniya bosh vaziriga yana ikkita amerika esminetsini joylashtirishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden va Vashingtonga tashrif buyurgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches uchrashuv chog‘ida Ukrainani birgalikda qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Ularning muzokaralari 12 may, juma kuni Oq uyda bo‘lib o‘tdi.

“Albatta, biz xalqaro huquqqa, shuningdek, BMT Nizomi tamoyillariga to‘liq hurmatga asoslangan mustahkam va adolatli tinchlik tarafdorimiz”, — dedi Sanches. “Ushbu urushda tajovuzkor ham, qurbon ham bor, prezident Putin esa agressordir”, - deya qo‘shimcha qildi u.

“Ukrainani muhim jihatlarda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun bildiraman. Bu katta ahamiyatga ega – sizning yetakchiligingiz, sherikligingiz va tajovuzkorga qaratilgan chaqiriqlaringiz uchun”, — dedi Bayden.

Amerika va ispan siyosatchilari o‘rtasidagi muloqotning asosiy mavzulari Kiyevga yordam berishdan tashqari, Vashington va Madrid o‘rtasidagi mudofaa sohasida hamkorlik va migratsiya muammosi bo‘ldi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 11 may kuni Vashington Madrid bilan mudofaa sohasida hamkorlik mustahkamlanganidan mamnun ekanini aytdi.

Ispaniya Mudofaa vazirligi 8 may kuni e’lon qilganidek, Vashington va Madrid Rota qo‘shma dengiz bazasiga yana ikkita amerika esminetsini joylashtirishga kelishib oldi. Yangi kelishuv, vazifalari va kuchlar turlarini o‘zgartirmasdan, kemalar sonini to‘rttadan oltitagacha oshirish imkonini beradi. Kelishuv Bayden va Sanches o‘rtasida 2022 yil iyun oyida Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha majburiyatlar doirasida tuzilgan. Birinchi qo‘shimcha kema qirollikka 2024 yilda, ikkinchisi esa yaqin yillarda yetib kelishi kutilmoqda.

“Ispaniyada ikkita qo‘shimcha esminetsni joylashtirishga ruxsat berganingiz uchun tashakkur”, — deya Oq uy Baydenning 12 may kungi so‘zlaridan iqtibos keltiradi. Amerika prezidenti, shuningdek, Ispaniya Yevropa Ittifoqi kengashiga rotatsiya orqali rahbarlik qilishini eslatib, uning raisligidagi vazifalarni muhokama qilishga tayyorligini ta’kidladi. Sanches bu muddatdan Lotin Amerikasi davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun foydalanmoqchi, deya ta’kidladi AFP agentligi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top