17:52 / 15.05.2023
47904

Surishtiruv: Koreyaga ishga yuborishdagi korrupsion sxema qanday ishlashi fosh bo‘ldi

Kun.uz surishtiruvida qatnashgan ko‘ngilli fuqaro Koreyaga migratsiyaga yuborish masalasini hal qiluvchi “uchar” bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida “100 foizlik natija” usullari va uning bahosi ochiq aytildi. Savol tug‘ilmoqda: nega hamma ko‘rib-bilib turgan uyushgan jinoyatchilikning oldi olinmayapti? Yoki bunga chora ko‘radigan idoralarning o‘zlari ham ularga sherikmi?

Kun.uz tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishda davom etadi. O‘tgan ko‘rsatuvda til imtihonlari jarayonida yuz berayotgan shubhali harakatlar, “o‘ringa kirish” deb nomlanadigan holatlarga ishora qiluvchi dalillarko‘rsatilgandi. Ammo bu holatlar bo‘yicha huquq-tartibot idoralari surishtiruv boshlagani alomatlari ko‘rinmadi, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek.

Izlanishlar davomida bir tadbir o‘tkazdik: xodimimiz o‘zini go‘yo Janubiy Koreyaga borishga intilayotgan talabgor rolini o‘ynab, pul evaziga Koreyaga yuboruvchi guruhlarni izladi va bu ish o‘z natijasini berdi.

Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, talabgor tilni bilmasa ham, pulini bersa imtihonga kiritishadi va javoblarni aytib turishadi.

Biz 5-10 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanamiz, sheriklarimiz bor. Bitta bolani imtihondan o‘tkazishimiz 6 ming (AQSh dollari nazarda tutilyapti - tahririyat) bo‘ladi. Yuz foiz o‘tkazib beramiz. Ikki xil yo‘limiz bor. Imtihondan bir kun oldin Toshkentga keladi. Mehmonxonamiz bor, o‘sha yerda tushuntiraladi unga. O‘zim kirib yechib chiqaman desa, kamera va ko‘rinmas quloqchin beriladi hamda qanday ishlatilishi tushuntiriladi. Bir kun oldin repetitsiya bo‘ladi. Ikkinchi kuni uni bizning odamlarimiz imtihonga olib boradi. Eshik tagida ham, ichkarida ham, Migratsiya agentligida ham odamlarimiz bor. Qo‘lidagi kamera orqali savollar bizning planshetga kelib turadi, biz javoblarni aytamiz.

Ikkinchi yo‘li, agar men kamera olib kirolmayman, qo‘rqaman desa, o‘rniga odam kiritamiz. Faqat bunda talabgor imtihonga kirib chiqqan kunning o‘zida 6 000 dollar berishi kerak.

Migratsiyada odamlarimiz bor, ikkinchi bosqichda, suhbat paytida ularning qo‘lida ro‘yxat bo‘ladi, shunchaki kirib chiqishadi. Muammo qilishmaydi, sababi yegan og‘iz uyaladi”, degan suhbat davomida yuboruvchi “uchar”.

Mehnat qilib til o‘rganganlar-chi, nega ular ko‘p hollarda imtihonni a’lo topshirgan taqdirda ham ketolmay qolyapti? Yuboruvchi “tashkilot”ning tushuntirishicha, buning sababi – korrupsion pullarni berganlar prioritetda turadi – avvalo ular Janubiy Koreyaga ketishga haqli.

Darvoqe, shu kunlarda to‘lov 12 ming dollarga chiqibdi.

Bu ishlar oqibatida til bilmaydiganlar o‘zga davlatga ishga boradi va tabiiyki, u yerda ular na ish beruvchining, na o‘sha davlatning talablarini ko‘ngildagidek bajara oladi. Otning kallasidek pulni berib, niyatiga erishganlarning aksari u yerga qarzga botgan holda yetadi va tezroq qarzini uzishga urinadi. Muqim ish joyini tashlab, nolegal tarzda ko‘proq haq to‘laydigan joyni izlashga moyil bo‘ladi. O‘zbekistondan borgan mehnat migrantlariga nisbatan Koreya ish beruvchilarining munosabati shunga mos shakllanadi. Oqibatda O‘zbekistonga kvota soni ko‘paytirilmaydi.

Bu o‘rinda mavjud Migratsiya agentligi o‘rnida jamoatchilik nazorati ostida faoliyat yuritadigan tashkilot tuzish maqsadga muvofiq. Jamoatchilik o‘laroq loaqal bitta tashkilotni nazorat etishning imkoni bor. 

Shokir Sharipov

Top