18:22 / 16.05.2023
7434

Tanzila Norboyeva Ozarboyjon Respublikasi prezidenti bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati raisi shu kunlarda amaliy tashrif bilan Ozarboyjon Respublikasida bo‘lib turibdi.

Foto: Senat axborot xizmati

15 may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.

Prezident Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning Ozarboyjonning atoqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Milliy Majlisning navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etayotgani, ushbu mamlakatning umummilliy lideri xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining bugungi holatiga to‘xtalar ekan, Ilhom Aliyev ular izchil ravishda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va qardoshlik munosabatlari o‘rnatilib, oliy darajadagi tashriflar almashinuvining samarali mexanizmi yaratilganini ta’kidladi.

«O‘tgan yilning o‘zida men O‘zbekistonga 3 marta tashrif buyurdim. Bu biz uchun mamlakatingizdan yaqinroq do‘st yo‘qligini yana bir bor tasdiqlaydi» dedi Ilhom Aliyev.

O‘z navbatida Tanzila Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan keyingi yillarda O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasi deyarli barcha yo‘nalish va darajalarda kuzatilayotgani, muhimi, ikki qardosh mamlakat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar maydonlarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva parlamentlararo muloqot ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangani, O‘zbekiston va Ozarboyjon parlamentlari xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, bundan buyon ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish uchun parlamentlararo aloqalarning barcha imkoniyat va sa’y-harakatlarini ishga solinishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarini ikki mamlakat parlamentlararo muloqoti orqali rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, hamkorlikning turli yo‘nalishlari jumladan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, energetika, sarmoyaviy va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari istiqbolli davom etishi muhimligi qayd etilib, ikki davlat yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan maxsus forum tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.

Mavzuga oid
Top