11:14 / 19.05.2023
5245

Ukraina Oliy sudining sobiq rahbari poraxo‘rlik ishi bo‘yicha hibsga olindi

3 million dollar pora olayotgan paytda ushlangan Vsevolod Knyazev 107 million grivna garov puli kiritish imkoniyati bilan ikki oyga hibsga olingan.

Foto: AP

Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi poraxo‘rlikda gumon qilinayotgan Oliy sud sobiq raisi Vsevolod Knyazevni hibsga oldi, deb xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura 18 may, payshanba kuni kechqurun.

Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Knyazev ikki oyga – 2023 yilning 14 iyuliga qadar – 107 million grivnadan (2,7 million yevro) ortiq miqdorda mablag‘ni garov sifatida kiritish imkoniyati bilan hibsga olingan. Gumonlanuvchi sud zalida qamoqqa olingani aytiladi.

Ukrainaning "Obozrevatel" internet-nashriga ko‘ra, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura Knyazevga nisbatan 150 million grivna miqdoridagi mablag‘ni garov sifatida kiritish imkon bilan hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun ariza topshirgan.

Knyazevning himoyasi 22 may kuni ehtiyot chorasi haqidagi qaror ustidan shikoyat qilmoqchi, dedi advokat Vladimir Klochkov "Strana" gazetasiga.

Knyazev 15 may kuni qariyb 3 million dollar miqdorida pora olmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi, deb xabar bermoqda Ukraina OAV. ZN.ua xabariga ko‘ra, Knyazev oligarx Konstantin Jyevago foydasiga sud qarorini himoya qilgan odamlardan pul olgan. Nashrning qayd etishicha, Oliy sud rahbarining hibsga olinishi fonida yana 18 nafar sudyaga nisbatan tintuv o‘tkazilgan.

Mavzuga oid
Top