22:45 / 23.05.2023
13965

«Markaziy Osiyo - Xitoy» gaz quvurining O‘zbekistondan o‘tgan qismi zararlangani aytildi 

Bunga Turkmanistonning «Galqinish» gaz konidagi avariya sabab bo‘lishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Turkmanistondagi «Galqinish» konida gazni oltingugurtdan tozalash moslamalari ishlamay qoldi. Katta miqdordagi oltingugurt bilan ifloslangan gaz «Markaziy Osiyo - Xitoy» gaz quvuriga tushdi. Oqibatda quvurning O‘zbekistondan o‘tgan qismi zararlandi. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, 17 mayga o‘tar kechasi Xitoyning CNPC kompaniyasi mutaxassislari Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasidagi gaz quvurida oltingugurt borligini aniqlagan. «Turkmengaz» davlat konserni tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda oltingugurtdan tozalanmagan gaz ushbu quvur orqali bir necha kun davomida Xitoyga yetkazilgani ma’lum bo‘lgan. 

Oltingugurt quvurlar uchun xavfli bo‘lib, uni yemirib yuboradi. Oqibatda gaz sizib chiqish holatlari yuz berishi mumkin. 

Turkmen.news xabariga ko‘ra, to‘rt kun davomida quvurning O‘zbekistondan o‘tuvchi 80 kilometr uzunlikdagi qismida gaz sizib chiqishi qayd etilgan. CNPC Turkmanistondan hodisaga munosabat bildirishni, aybdorlarni jazolashni talab qilgan. Kelgusida Xitoy tovon pulini ham undirib olmoqchi. 

Manbalarga ko‘ra, gaz tozalash inshootlarining ishdan chiqishiga reaktivlar va ehtiyot qismlarning o‘z vaqtida xarid qilinmagani sabab bo‘lgan. 

20 may kuni «Turkmengaz» rahbariyati xitoylik hamkorlarga nosozlik bartaraf etilgani haqida ma’lum qilgan. Biroq, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, hozir gaz faqat 20 foizga tozalanmoqda, deb ta’kidlamoqda nashr. 

Bu Turkmanistondagi «Galqinish» konida yil boshidan beri ikkinchi yirik avariya. Yanvar oyida yuz bergan yana bir texnogen avariya oqibatida Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish bir necha kunga to‘xtab qolgan edi.

Mavzuga oid
Top