29 may, dushanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, uni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi va Turkiya rahbariga yangi F-16 samolyotlari evaziga Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Foto: AP
Baydenning jurnalistlarga aytishicha, Erdo‘g‘an suhbat chog‘ida Anqaraning AQShdan F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olish istagini bildirgan. Amerika prezidenti Vashington Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishiga qarshi e’tirozlaridan voz kechishini istashini aytdi:
«Men Erdo‘g‘an bilan gaplashdim. Erdo‘g‘anni tabrikladim. U hali ham F-16 samolyotlarini olishni xohlayapti. Men unga Shvetsiya bo‘yicha bir qarorga kelishni istayotganimizni aytdim. Shuning uchun, biz bir-birimiz bilan aloqada bo‘lamiz».
Shu bilan birga, Bayden bu haqda Erdo‘g‘an bilan kelasi hafta batafsilroq gaplashmoqchi ekanligiga aniqlik kiritdi.