10:58 / 30.05.2023
4125

Polsha Belarusning 365 nafar fuqarosiga qarshi sanksiya kiritdi

Varshava sanksiyalari ro‘yxatiga Belarus parlamenti a’zolari, rasmiylar, sudyalar, sportchilar, fan va madaniyat arboblari kiritilgan. Cheklovlar jurnalist Anjyey Pochobutga hukm kuchga kirishiga javob bo‘ldi.

Foto: AP

Varshava Belarusning 365 fuqarosiga qarshi sanksiyalar joriy qildi, deya xabar beradi 29 may, dushanba kuni Polsha Ichki ishlar vazirligi. Qayd etilishicha, sanksiyalar polshalik jurnalist Anjyey Pochobutning qamoq jazosi va “Belarus hukumati tomonidan siyosiy raqiblariga nisbatan repressiyalar” munosabati bilan qo‘llanmoqda.

159 nafar Belarus parlamentariysi sanksiyalar ostida qoldi, ya’ni cheklov choralari barcha parlament a’zolariga nisbatan qo‘llandi. Shuningdek, ro‘yxatga 76 nafar sudya, yetti nafar prokuror, 32 nafar mahalliy hokimlik vakili va 28 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi kiritilgan. Shuningdek, ro‘yxatga Belarus "targ‘ibot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ommaviy axborot vositalarining" 23 nafar vakili, 24 nafar sportchi va sport amaldori, Belarus davlat muassasalari va korxonalarining sakkiz nafar xodimi hamda ayrim fan va madaniyat arboblari kiritilgan.

Ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, "bu odamlar Belarus rejimini targ‘ib qilgan, shuningdek, hokimiyatning repressiv siyosatini qonuniylashtirish va qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etgan". Ta’kidlanishicha, ular Anjyey Pochobutga nisbatan "soxta ayblovlar bilan chiqarilgan", siyosiy sabablarga ega hukm uchun ham javobgardir.

Sanksiyalar ro‘yxatida, shuningdek, “Rossiya kapitali bilan bog‘liq” 20 tadbirkorlik sub’yekti va 16 jismoniy shaxs (15 rossiyalik va bir belarus) ham bor. Sanksiyaga duchor bo‘lgan shaxslarga Shengen hududiga kirish taqiqlanadi, ularning mablag‘lari muzlatiladi.

Mavzuga oid
Top