Jahon | 10:30
800
5 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Trampning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga rozi bo‘ldi

Aleksandr Lukashenko “Tinchlik kengashi” tarkibiga kirish haqidagi hujjatni imzoladi, Zelenskiy esa qo‘shilish- qo‘shilmasligi borasida hali aniq qarorga kelmagan. Reuters yozishicha, bu Minsk bilan Vashington o‘rtasida yaqinlashuvning navbatdagi qadami hisoblanadi.

Foto: Ramil Sitdikov/AFP

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko seshanba, 20 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azo sektorida va umuman dunyoda mojarolarni hal qilish maqsadida tuzilayotgan “Tinchlik kengashi” tarkibiga kirish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda BelTA Belarus davlat agentligi xabar qildi.

Lukashenko matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan “Pul Pervogo” Telegram-kanalida e’lon qilingan hujjat fotosuratda, AQSh davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llangan murojaatda Belarus “Tinchlik kengashi” nizomini qabul qilayotgani aytilgan.

Reuters agentligi bu voqeani ko‘p yillik xalqaro yakkalikdan keyin Minsk bilan Vashington o‘rtasidagi yaqinlashuvning navbatdagi qadami, deb baholadi.

2025 yilda Tramp Belarusga nisbatan sanksiyalarni qisman yumshatishni boshladi — bu bir qator siyosiy mahbuslar ozod etilgani bilan bog‘liq. Oq uy rahbari Lukashenkoni “juda hurmatli prezident” deb ham atagan.

Reuters eslatishicha, AQSh ma’muriyati tomonidan taxminan 60 ta davlatga yuborilgan nizom loyihasida, a’zolikni uch yildan ortiq davom ettirmoqchi bo‘lgan mamlakatlar 1 milliard dollar (853 million yevro) miqdorida badal to‘lashi imkoniyati nazarda tutilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Trampdan taklif olganini tasdiqladi va ukrain diplomati bu taklifni o‘rganmoqda.

“Men uchun Rossiya bilan biror kengashda birga bo‘lishni tasavvur qilish juda qiyin. Bu faqat shu kengashga taalluqli emas. Chunki Rossiya — bu ‘urush kengashi’, Belarus ham u bilan birga”, — deya Zelenskiyning so‘zlarini keltirdi “Ukrainskaya pravda”.

Tramp tashkil qilayotgan “Tinchlik kengashi” avval boshda Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish organi sifatida taqdim etilgan edi. 2025 yil oktyabrda u BMTdan tegishli mandat olgan.

Biroq, Tramp bu tuzilmaning vakolatlarini kengaytirishni istayapti. Masalan, 16 yanvar kuni dunyo yetakchilariga yuborilgan ta’sis xartiyasida G‘azo sektori umuman tilga olinmagan. Ammo hujjat muqaddimasida barqaror tinchlik uchun “ko‘p bor samarasiz bo‘lib kelgan yondashuvlar va institutlardan voz kechish zarur”ligi aytilgan.

Hujjatda BMT to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan, biroq Tramp bir necha bor tashkilotni samarasizlikda tanqid qilgan.

Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban taklifni qabul qilgani ma’lum qilingan. Bu haqda 18 yanvar kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto xabar bergan.

19 yanvar kuni esa Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham Tramp taklifini “samimiy minnatdorlik bilan” qabul qilgani aytildi. To‘qayev Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka, davlatlararo ishonchni mustahkamlashga va global barqarorlikka hissa qo‘shish istagini bildirgan.

Germaniya hukumati ham Trampdan taklif olganini tasdiqlab, AQSh va hamkorlar bilan birga G‘azo bo‘yicha uzoq muddatli yechimni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi. 19 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham shunday taklif olgan, ammo Rossiya hozircha javob bermagan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy hisobda Tramp taxminan 60 davlatni “Tinchlik kengashi”ga taklif qilgan. Taklif etilganlar orasida Turkiya, Kanada, O‘zbekiston rahbarlari, YeIning bir qator davlatlari va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham bor.

Shuningdek, kengash tarkibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff, uning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Ajay Banga va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler ham kiritilgan. Kengash raisi — Donald Trampning o‘zi bo‘ladi. G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib bolgar diplomati Nikolay Mladenov tayinlangan.

“Tinchlik kengashi” tuzilishi haqidagi xabarlar G‘azo sektorida kundalik hayotni boshqarish uchun 15 kishidan iborat Falastin texnokratik ma’muriyati tuzilgani haqidagi bayonotdan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid