11:01 / 01.06.2023
16173

O‘zbekiston Shimoliy Koreyaning kosmik raketa uchirganidan xavotir bildirdi

O‘zbekiston TIV Shimoliy Koreyaning kosmik raketa uchirganidan xavotir bildirdi. Qayd etilishicha, Ushbu holat Koreya yarimorolidagi keskinlikning yanada kuchayishiga olib keladi.

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 31 may kuni Shimoliy Koreya tomonidan tashuvchi kosmik raketa uchirilganidan xavotir bildiradi. Ushbu holat Koreya yarimorolidagi keskinlikning yanada kuchayishiga olib keladi”, deyiladi bayonotda.

Bildirilishicha, O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlarini sinovdan o‘tkazishdan bosh tortilishi tarafdoridir.

“O‘zbekiston tomoni bundan keyin ham umumiy farovonlik va taraqqiyot yo‘lida Koreya yarimorolida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faol qadamlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi TIV xabarida.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Shimoliy Koreya tomonidan harbiy sun’iy yo‘ldosh uchirilgan bo‘lishi mumkinligini keskin qoraladi. Guterrish matbuot kotibi Stefan Dyujarrik 31 may, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, ballistik raketa texnologiyasidan foydalangan holda har qanday uchirish BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzadi.

Ayni vaqtda, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Vashington va Seul bilan Koreya yarimorolida tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha uch tomonlama telefon orqali muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi. 

Avvalroq Seul KXDR janub tomon obekt uchirgani, Pxenyanda uni “raketa tashuvchi” deb atagani haqida xabar bergan edi. Shu munosabat bilan Janubiy Koreya poytaxtida havo trevogasi e’lon qilindi, aholidan evakuatsiyaga tayyor turish va birinchi navbatda “bolalar va qariyalarni xavfsiz joylarga yetkazish” so‘raldi. Biroz vaqt o‘tgach, mamlakat Ichki ishlar vazirligi shahar hokimiyati tomonidan yuborilgan ogohlantirish “noto‘g‘ri tuzilgan”ligini bildirdi. 

Mavzuga oid
Top