10:53 / 01.06.2023
4475

O‘zbekistonda «Quyoshli mahalla» maxsus tanlovi e’lon qilindi

Energetika vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda «Quyoshli mahalla» maxsus tanlovi o‘tkazilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Kun.uz

Tanlov nominatsiyalar bo‘yicha 1 iyundan 1  sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla fuqarolari yig‘inlari miqyosida o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriydir.

Tanlovda ishtirok etish uchun mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining jami quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmasligi va mahalla fuqarolari yig‘inlaridagi xonadonlarga quyosh panellari tanlov e’lon qilingan kundan boshlab, tuman(shahar) hokimligiga taqdim etish kuniga qadar davrda o‘rnatilgan bo‘lishi shart.

Quyidagi umumiy quvvatdan kam bo‘lmagan quyosh panellarini birinchilardan bo‘lib o‘rnatgan hamda hududiy elektr tarmog‘iga ulanib ishlab turgan mahalla (qishloq, ovul) fuqarolari yig‘inlari orasidan tanlanadi:

Bosh sovrin – quvvati 300 kVtdan;

  • 1-o‘rin – quvvati 250 kVtdan;
  • 2-o‘rin – quvvati 200 kVtdan;
  • 3-o‘rin – quvvati 150 kVt.

Tanlov g‘oliblariga quyidagi mukofotlar topshiriladi:

Bosh sovrin – belgilangan mezonga muvofiq elektromobil.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlarning har birida:

  • birinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 400 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
  • ikkinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
  • uchinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish.
Top