11:08 / 02.06.2023
4425

Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda 

Senatorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullashdi.

Foto: Senat.uz

Bugun Senatning qirq birinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadigan ta’sir choralarini yanada tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiqlikni baholash organlari tomonidan muvofiqlikni baholash qoidalarini texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tarzda buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartishlar kiritilyapti.

Senat raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, texnik reglamentlar, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish alohida jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi.

“Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari muvofiqligi bo‘yicha sodir etiladigan bunday huquqbuzarliklar nafaqat davlatga iqtisodiy zarar yetkazadi, balki fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf solishi mumkin.

Shu bilan birga, buning uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik sodir etilgan qilmishning og‘irlik darajasiga va kelib chiqadigan oqibatlar ko‘lamiga mutanosib emas, bu esa shunday huquqbuzarliklar profilaktikasiga to‘sqinlik qilmoqda”, deya ta’kidlagan Senat raisi.

 Qonunda muvofiqlik sertifikati berilishi asossiz ravishda rad etilsa, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda to‘xtatib turgan yoki tugatgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslarining javobgarligi ham nazarda tutilmoqda. Xususan, ushbu huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanyapti.

Agar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida huquqbuzarlik takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top