09:44 / 02.06.2023
6392

Yevroparlament o‘q-dori ishlab chiqarish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Yevropa Ittifoqi parlamentariylari o‘rta va uzoq muddatda Ukrainaga o‘z zaxiralarini to‘ldirish va yetkazib berish uchun YeIda o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatladilar.

Foto: Getty Images

Yevropa parlamenti 1 iyun, payshanba kuni o‘q-dorilar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni (ASAP) qabul qildi. Ushbu qonun loyihasi Yevropa Komissiyasidan kelib tushgan va Yevropa Ittifoqidagi mudofaa sanoatining o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari va raketalarni yetkazib berish qobiliyatini zudlik bilan oshirish choralarini o‘z ichiga oladi. Ovoz berishda 625 deputat ishtirok etdi, ulardan 446 nafari “ma’qul”, 67 nafari “qarshi” ovoz berdi, 112 nafari betaraf qoldi.

2025 yilning 30 iyuniga qadar ularning ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun YeI fondlaridan 500 million yevro sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud quvvatlarni optimallashtirish, kengaytirish, modernizatsiya qilish yoki qayta yo‘naltirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, transchegaraviy sanoat sherikliklarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. 

“Ukrainadagi urush sanoat salohiyati va ta’minot zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan o‘n yilliklar davomida mudofaa mablag‘larining kamligining jiddiy natijasini fosh qildi”, dedi estoniyalik deputat Sven Mikser 9 may kuni Yevropa parlamentida bu boradagi muhokamada.

Muhokamada ishtirok etgan Yevropa komissari Terri Breton parlamentariylarga Yevropa Ittifoqining turli mamlakatlaridagi 15 mudofaa sanoati korxonasiga tashrif buyurganligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun iroda va imkoniyat bor, biroq ko‘plab kompaniyalar Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi davlatlar bilan shartnomalar bilan bog‘langan. Yevropa komissarining fikricha, kompaniyalarga porox, portlovchi moddalar, asbob-uskunalarni tezkorlik bilan olishga yordam berish uchun mudofaa sanoatini “urush davri iqtisodiyoti” negiziga o‘tkazish zarur. "Biz joriy ishlab chiqarishni Yevropa va Ukraina ehtiyojlariga qayta yo‘naltiramiz", dedi Breton va bu "mutlaq shoshilinchlik" tufayli zarur kurs ekanligini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid
Top