Jahon | 11:30 / 03.12.2025
1419
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada noma’lum shaxslar bundesverga tegishli 20 ming dona o‘q-dorini o‘g‘irlab ketdi

Saksoniya-Anxaltda kechasi qo‘riqlanmaydigan avtoturargohda qoldirilgan yuk mashinasidan jangovar va o‘quv maqsadidagi katta miqdorda o‘q-dorilar o‘g‘irlangan. O‘q-dorilar o‘g‘irlangani haydovchi patronlarni kazarmaga tushirish uchun kelganidagina aniqlangan.

Foto: Birgitta von Gyldenfeldt/dpa

Germaniyada noma’lum jinoyatchilar bundesverga tegishli katta miqdordagi o‘q-dorilarni o‘g‘irlab ketdi. Patronlar fuqarolik transport kompaniyasiga tegishli yuk mashinasidan o‘g‘irlangani haqidagi Der Spiegel haftaligi va MDR jamoatchilik-huquqiy mediakompaniyasi xabarlarini 2 dekabr, seshanba kuni Germaniya Mudofaa vazirligi vakili dpa agentligiga tasdiqladi.

Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, yuk mashinasi Saksoniya-Anxalt federal yeridagi Burg shahri yaqinidagi avtoturargohda turgan. Jami taxminan 20 ming dona patron o‘g‘irlangan. Bonnda joylashgan bundesverning yordamchi bo‘linmasi vakiliga ko‘ra, hodisa 25 noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashina tun bo‘yi avtoturargohda turgan, buzib kirilgani esa faqat ertasi kuni, haydovchi Burgdagi kazarmaga nemis harbiylari uchun o‘q-dorilarni yetkazish uchun kelganida aniqlangan.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, o‘g‘irlangan o‘q-dorilar orasida taxminan 10 000 dona 9 mm kalibrli jangovar patron, miltiqlar uchun qariyb 9900 ta patron, shuningdek, yondiruvchi (tutunli) o‘q-dorilar bor.

«Biz bu o‘g‘irlikka juda jiddiy qaraymiz, chunki bunday o‘q-dorilar noto‘g‘ri qo‘llarga tushmasligi kerak», — dedi Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Der Spiegel nashriga. Uning ta’kidlashicha, bundesver bilan shartnoma tuzgan transport kompaniyasi o‘q-dorilarni tashishda xavfsizlik qoidalarini buzgan. Ehtimol, haydovchi sanoat zonasidagi qo‘riqlanmaydigan avtoturargohda yukni qarovsiz qoldirib, mehmonxonada tunab qolishga qaror qilgan. Bundesverda bu o‘g‘irlik tasodifiy emas, jinoyatchilar mashinani oldindan kuzatib borgan, degan taxmin bor.

Saksoniya-Anxaltda o‘q-dorilar yo‘qolishi bilan bog‘liq bir necha holat qayd etilgan. Oxirgi bir necha oy ichida Bernburg va Aysleben shaharlarida politsiyaga tegishli o‘q-dorilar yo‘qolgani holatlari ham kuzatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid