09:10 / 05.06.2023
6151

Stoltenberg: Shvetsiya Turkiyaning NATO bo‘yicha talablarini bajardi

Turkiya prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng NATO bosh kotibi Shvetsiya Anqara talablarini bajarganini va alyansga qo‘shilishga tayyorligini ta’kidlamoqda.

Foto: nato.int

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 4 iyun, yakshanba kuni Istanbulda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvdan so‘ng Shvetsiya Anqara talablarini bajarganini va NATOga a’zo bo‘lish huquqiga ega ekanligini aytdi. "Shvetsiya Turkiyaning talablarini qondirish uchun muhim aniq qadamlar qo‘ydi. Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajardi", - deya ta’kidladi u Stokholm tomonidan qabul qilingan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarni eslatib.

“NATOga a’zo bo‘lish Shvetsiyani xavfsizroq qiladi, biroq NATO va Turkiyani ham kuchli qiladi”, - deya Stoltenberg so‘zlarini keltiradi AFP. NATO bosh kotibi Erdo‘g‘an bilan 12 iyundan boshlab Shvetsiya bilan Doimiy qo‘shma mexanizm yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olganini aytdi.

Shvetsiya va Finlandiya 2022 yilda – Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishdi. Mamlakatlarning ittifoqqa qo‘shilishi uchun uning barcha a’zolari roziligi talab qilinadi. Turkiya Shvetsiyani Kurdiston Ishchilar partiyasi (RIP) bilan aloqador bo‘lgan o‘nlab odamlarni ekstraditsiya qilishdan bosh tortishda ayblab, eng qattiq pozitsiyani egalladi.

Aprel oyi boshida Turkiya Finlandiyaning ittifoqqa kirish arizasini ratifikatsiya qilgandi, biroq Stokholm Anqara terrorchi deb hisoblagan jangari guruhlar a’zolariga boshpana berayotganini aytib, Shvetsiyaning a’zoligiga e’tiroz bildirishda davom etmoqda. May oyida Shvetsiya parlamenti terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mamlakat qonunlarini qat’iylashtirishga qaratilgan tuzatishlarni qabul qilgan edi. Bu harakat Turkiyani mamlakat arizasini ma’qullashga ko‘ndirishiga yordam berishi kutilmoqda.

Top