Volodimir Zelenskiy sammit qayerda bo‘lishini aniq aytmadi. Ilgari Shveytsariya ehtimoliy joy sifatida ko‘rsatilgan edi.

Ukraina shu yilning kuzida global tinchlik sammitini tashkil etish niyatida, dedi prezident Volodimir Zelenskiy. «Kuz kelyapti, lekin sammitga tayyorgarlik ko‘rish va dunyoning aksariyat davlatlarini jalb qilish uchun hali vaqt bor. Bu sizning faolligingizga bog‘liq», — dedi Zelenskiy 2 avgust, chorshanba kuni Ukrainaning xorijiy diplomatik muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ushbu sammitga «dunyoning ko‘pchilik qismi» – «Shimol va Janub, Sharq va G‘arb» vakillarini yig‘moqchi. Volodimir Zelenskiy dunyoning aksariyat davlatlari va xalqlari tinchlik, xalqaro osoyishtalik va Rossiyadan tahdidlar bo‘lmasligiga intilayotganini ta’kidladi. Sammit aynan qayerda bo‘lishini u aytmadi. Ilgari Shveytsariya ehtimoliy joy sifatida ko‘rsatilgan edi.
Ukraina prezidenti «tinchlik formulasi»ni ko‘rsatmalardan biri deb atadi – u 2022 yil noyabrida ishlab chiqilgan bo‘lib, Rossiya bilan muzokaralar oldidan qo‘yilishi kerak bo‘lgan 10 ta talabdan iborat. Bu talablar orasida jahon oziq-ovqat va yadro xavfsizligini tiklash, shuningdek, Rossiya qo‘shinlarini bosib olingan hududlardan olib chiqib ketish va asirlarni ozod qilish bor.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor G7 mamlakatlariga qo‘shilgan davlatlar ro‘yxati kengaytirilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yettilikka yana 12 davlat – Belgiya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Portugaliya, Ruminiya, Finlandiya, Chexiya va Shvetsiya qo‘shilgan. Prezidentning qayd etishicha, Kiyev AQShdan boshlab ushbu davlatlar bilan ikki tomonlama kelishuvlar ustida ish boshlamoqda.