O‘zbekiston | 18:00 / 24.12.2022
7658
4 daqiqa o‘qiladi

Keyingi yil Toshkentning 13 ta koridorida avtobuslar uchun maxsus yo‘laklar qilinadi

Toshkentning jami 36 ta koridorida avtobuslar uchun maxsus yo‘lakchalar barpo qilinib, shahar ko‘chalaridagi yo‘l bo‘yida joylashgan avtoturargohlar cheklanadi, ba’zi hududlarda vaqtinchalik avtoturargohlar ish boshlaydi.

Foto: KUN.UZ

Shaharda avtobuslar harakatini to‘siqsiz amalga oshirish uchun 4 ta ko‘cha: Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li kabi markaziy ko‘chalarda avtobuslar uchun maxsus yo‘laklar barpo qilinyapti.

Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning ta’kidlashicha, yo‘laklar poytaxtning 36 ta koridorida, ya’ni jamoat transporti ko‘p yuradigan ko‘chalarda tashkil etiladi. Uning umumiy uzunligi 475 km bo‘ladi.

«Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 2023 yilda 13 ta koridor belgilaganmiz. Koridor – ko‘cha emas, masalan, Alisher Navoiy va Beruniy ko‘chalari bitta koridor bo‘lsa, Amir Temur ko‘chasi yana bitta koridor, Farg‘ona yo‘li bilan Istiqlol ko‘chalari ham bitta koridor hisoblanadi. Shunga o‘xshash jami 36 ta koridorda avtobuslar uchun maxsus yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ular orasida Kichik halqa yo‘li, Nurafshon ko‘chalari ham bor» deydi Obidov. 

Bu jarayonda yo‘l bo‘yida joylashgan avtoturargohlar tartibga solinib, cheklovlar o‘rnatiladi.

«Tekin turargoh bo‘lgani hisobiga shahar ko‘chalarida harakat oqimi ko‘payib ketgan. Butun dunyoda yo‘l bo‘yi tekin avtoturargoh degan tizim yo‘q, pulli avtoturargohlar yo‘lga qo‘yilgan va ular ham cheklangan miqdorda. Toshkent shahrida ushbu tizim tartibga solinmagani uchun markazga hamma fuqarolar avtomobili bilan keladi, shaxsiy mashinasida kelganidan keyin umumiy jamoatchilikka tegishli bo‘lgan hududni cheklaydi.

Toshkent shahrida o‘zining shaxsiy transportiga ega bo‘lmagan 70 foiz aholi bor, mana shu odamlar huquqlarini qolgan 30 foizi shaxsiy transportiga ega aholi mahrum qilyapti. Jamoat transporti ko‘pchilik uchun ishlashi, jamoatchilik hududi piyodaning harakatlanishi, sayr qilishi uchun ajratilishi, ko‘kalamzorlashtirilishi kerak. Lekin ko‘kalamzorlashtirish uchun berilgan maydonlarda ham transportlar turibdi.

Buni tartibga solish maqsadida shahar markazida avtoturargohlar sonini cheklab, imkoniyat bor joylarda, metroga yaqin hududlarda «tutib qoladigan avtoturargoh» tizimini joriy qilmoqchimiz. Masalan, Amir Temur ko‘chasi bilan Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan ko‘prik ostida katta joy bor. Amir Temur ko‘chasida Yunusobod tumani hokimiyati tarafdan boshlab ko‘plab yo‘l bo‘yi turargohlarni ko‘rish mumkin. Mana shularni ko‘prik ostiga joylashtirsak bo‘ladi», deydi Obidov.

Obidovning aytishicha, pulli parkomatlar bo‘yicha loyiha hali tasdiqlangani yo‘q, hujjat Toshkent shahar hokimiyatida turibdi, kelishuv jarayonida bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida prezident «Toshkent shahar jamoat transport tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzolagandi. Unga ko‘ra, 2022 yilda 10 ta ko‘chada sinov tariqasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar qilinishi kerak edi. Noyabr oyida 2 ming 251 ta parkomatlar aynan qaysi ko‘chalarga o‘rnatilishi bo‘yicha ro‘yxat ham e’lon qilingan. Ammo yil yakunlanishiga 7 kun qolgan bir vaqtda bu loyiha amalga oshirilgani yo‘q.

Mavzuga oid