07:47 / 18.09.2023
6338

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, forum ishida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda AQShning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Mamlakat iqtisodiyotining avtomobilsozlik – General Motors, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish – John Deer, CNH, gaz ishlab chiqarish – Air Producs, qishloq xo‘jaligi – Silverleafe va boshqa sohalarida AQSh kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlari qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.

Biznes-forum O‘zbekiston va AQSh vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining G2B va B2B formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.

Top