O‘zbekiston | 09:27 / 12.11.2023
7514
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda ko‘p qavatli uylarni boshqarishda professional yondashuv zarur – yevropalik ekspertlar

Foto: Kun.uz

«Tomdan chakki o‘tishi, suv va kanalizatsiya quvurlaridagi nosozliklar, lift ishlamay qolishi. Ko‘p qavatli turar-joy binolarida kuzatiladigan shu kabi holatlar uylarni boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan bartaraf qilinishi kerak. Sobiq sovet mamlakatlarida bunday shirkatlarni aholi vakillaridan iborat jamoa yuritadi», – deydi Sharqiy Yevropada Uy-joy tashabbusining (IWO) (Germaniya) Markaziy Osiyo bo‘yicha loyiha direktori Larisa Shrekkenbax.

Yevropa Ittifoqining shu hafta yakunlangan yakunlangan uch yillik «Promhouse» loyihasiga konsultantlik qilgan germaniyalik ekspertga ko‘ra, muammolar va ziddiyatlar kam bo‘lishi, aholi qulay va tashvishsiz uyda yashashi uchun kommunal xo‘jaligi xodimlari professional bo‘lishi, o‘z vazifasini bajarish uchun maxsus bilim va kompetensiyalarga ega bo‘lishi zarur.

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida yig‘ilgan «Promhouse» loyihasi jamoasi, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Germaniya hamda boshqa davlatlarning ekspertlari shuni aytib o‘tdiki, zamon rivojlangani sari, ko‘p qavatli uylar ham yangicha tus olib, ularni saqlash va boshqarish ham murakkablashib bormoqda. Masalan, endi ko‘p qavatli uylarga domofonlar, qulfli darvozalar, elektron hisoblagichlar kirib kelmoqda.

Eng katta masalalardan biri – energiya sarfini kamaytirish va optimallashtirish bo‘lib turibdi. Tabiiyki, uy boshqaruvchilari bu o‘zgarishlarga moslashishi kerak.

2020-2023 yillarda YeI granti asosida tashkil qilingan «Promhouse» loyihasi aynan shu masala, ya’ni professionallashuvga urg‘u berdi. Loyiha doirasida soha vakillariga bilim berishi uchun ikki haftalik ToT dasturi orqali trenerlar tayyorlandi. Mashg‘ulotlar 9 mamlakat, xususan, Germaniya, Latviya, Litva, Estoniya va Moldova kabilarni tamsil qiluvchi ekspertlar tomonidan o‘tkazildi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda ish beruvchilar va olimlar ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda kasb standartlari yaratildi. Professional ta’lim muassasalari, kollej va texnikumlarda «uy menejyeri», «uy ustasi» kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanishiga zamin yaratildi.

«Bu kabi Yevropa loyihalari ko‘proq bo‘lishi kerak! «Promhouse» nafaqat Germaniyadan, balki 90-yillarda uy-joy fondida O‘zbekistondagiga o‘xshash holatda bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan tajriba va nou-haularni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi», – deydi O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylarga oid eng yirik assotsiatsiya bo‘lmish Uyushma.uz rahbari Rahima Ortiqova. – «Bu sohada amalga oshiriladigan ishlar hali ko‘p. Mavjud ehtiyoj va O‘zbekistondagi mutasaddilarning xayrixohligi, xorijlik hamkorlarning qo‘llovi bilan har bir inson uchun eng muhim mavzu – uylarimiz ahvoli yaxshiligiga xizmat qiladigan mutaxassislarni tayyorlashda davom etamiz».

O‘zbekistonda birinchi marta 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Olmaliq arxitektura va qurilish texnikumida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni o‘qituvchi ikki yillik dastur ochilmoqda. Unga bir guruh o‘rganuvchilar tanlab olingan.

«Zamonaviy ish beruvchilar talablari va xorijlik ekspertlar tavsiyalari asosida tuzilgan o‘quv dasturi ikki yil ichida 4-malaka darajasiga ega haus master, ya’ni ko‘p qavatli uylarda bir nechta muhim ustachilik ishlarini qila oluvchi mutaxassis tayyorlaymiz. Dasturga 100 foiz davlat grant ajratgan. Bitiruvchilar nafaqat Olmaliq va uning atrofidagi hududlar, balki Toshkent, hatto chet tilni egallagan bo‘lsa xorijda ham ushbu o‘ta muhim kasb bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi», – deydi Olmaliqdagi texnikum direktori Sohiba Mirzakarimova.

Loyiha yakunlariga bag‘ishlangan konferensiyada mutaxassislar ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasidagi kadrlar masalasi yo‘laklardagi eng faol qo‘shnilarga mas’uliyatni yuklab qo‘yish orqali emas, texnikum va universitetlarda ularni tizimli tayyorlash, salohiyatni oshiruvchi o‘quv dasturlari orqali hal qilinishi kerakligini alohida ta’kidladi. 

Mavzuga oid