O‘zbekiston | 14:18 / 08.02.2024
116846
5 daqiqa o‘qiladi

Bloger Abror Abduazimov qamoqqa olingan

Abror Muxtor Aliy taxallusi bilan tanilgan bloger Abror Abduazimov 15 sutkaga qamaldi. U ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikda ayblandi.

Foto: Facebook / Abror Muxtor Aliy

6 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi qarori bilan taniqli bloger Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) ma’muriy ish doirasida qamoqqa olingan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194- va 195-moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgan.

Tafsilotlar

Ish hujjatlariga ko‘ra, Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayev 2024 yil 6 fevral kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani «O‘rda» MFY hududida joylashgan Shayxontohur tuman hokimligida baqir-chaqir qilib janjal ko‘tarishgan. Ular holatga aniqlik kiritish maqsadida kelgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan, ularga ommaviy ravishda bo‘ysunmasdan, ommani o‘ziga jalb qilib, IIO xodimlariga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan.

6 fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilingan Abror Abduazimov qilmishidan pushaymonligini va bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, suddan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuvlar berdi.

Sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilingan Xusrav Nasrullayev ham pushaymonligini ma’lum qilib, suddan yengillik so‘radi.

Sud qaroriga ko‘ra, Abror Muxtor Aliy taxallusi bilan tanilgan bloger Abror Abduazimov 194-moddasining 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasida (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganda aybli deb topilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Xusrav Nasrullayevga nisbatan ham 194-moddasining 1-qismi va 195-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Ular qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilingan.

Abror Abduazimovning qo‘lga olinishi ko‘cha bezorilariga aloqadorligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin

Abror Abduazimovning qo‘lga olinishi «ko‘cha bolalari»ga qarshi boshlangan «Dolzarb 40 kunlik» tadbiri bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Avvalroq u o‘z videolaridan birida jinoiy guruh rahbari «Saidaziz medgorodok» bilan yaqin ekani haqida aytgandi.

«Ha, Saidaziz mening yaqin ukam, dedim. Uning gapiga turib bera olishini ko‘rganman. U men uchun kerakli paytda turib bergan, men ham unga kerakli paytda turib beraman», degandi u.

Saidaziz Saidaliyev 2023 yilning dekabr oyi boshlarida qo‘lga olingani e’lon qilingandi. U Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan ayblanmoqda.

«Saidaziz medgorodok» sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat bir nechta shaxsni o‘z atrofiga jalb qilib, bir nechta jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidan.

Saidaziz Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

2023 yil dekabr oyida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev maxsus matbuot anjumanida Toshkent shahrida 27 noyabrdan boshlangan jinoyatchilikka qarshi tezkor tadbirlarga uzoq vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, qo‘lga olingan shaxslar muayyan muddat kuzatuvda bo‘lganini aytgandi. 

«Uyushgan jinoiy guruh bilan 1–2 kunda yoki 1–1,5 oyda masalani hal qilib bo‘lmaydi. Ular bilan kurashish uchun oylar, kerak bo‘lsa yillar kerak. Ya’ni biz o‘zimizning me’yoriy hujjatlarimiz, buyruq talablarimiz, qonunlarimizga asosan, ularni kuzatuvga olamiz. Qilayotgan ishlarining har birini fiksatsiya qilib, vaqt-soati kelganda chorasini ko‘ramiz», – degandi u.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, tergov organi qo‘lga olinganlarning aybini isbotlash uchun yetarli dalillar to‘plaganiga ishonch hosil qilganidan keyin ularni qo‘lga olish boshlangan.

Mavzuga oid