Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: NKMK kelgusi 5 yil ichida oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshiradi
Navoiy kon metallurgiya kombinati 2030 yilga borib oltin ishlab chiqarishni 4 million unsiyagacha yetkazadi. Bu 2025 yilda boshlangan rivojlanish dasturi doirasida amalga oshiriladi – dastur har yili 600 million dollargacha sarmoya kiritishni o‘z ichiga oladi.
Foto: NKMK
O‘zbekistonning London birjasida aksiyalarini joylashtirishni ko‘rib chiqayotgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” (NKMK) keyingi besh yil ichida oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniyaning dunyodagi yetakchi oltin ishlab chiqaruvchilar orasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Kompaniya matbuot xizmatining Bloomberg’ga ma’lum qilishicha, ishlab chiqarishni 2030 yilga borib 4 million unsiyagacha yetkazish 2025 yilda boshlangan rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi. Bu dastur har yili 600 million dollargacha sarmoya kiritishni o‘z ichiga oladi.
Davlatga qarashli NKMK o‘tgan yilda 3,1 million unsiya oltin ishlab chiqarib, o‘z maqsad ko‘rsatkichiga erishgan hamda Rossiyaning “Polyus” kompaniyasini ortda qoldirib, dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylangan.
“Joriy yilda O‘zbekiston xususiylashtirish dasturini jadallashtirar ekan, NKMK Citygroup Inc., Morgan Stanley va JPMorgan Chase& Co. banklari bilan hamkorlikda London va Toshkentda birlamchi ommaviy aksiyalar joylashtirish (IPO) imkoniyatini o‘rganmoqda. Avgust oyida bu jarayon bilan tanish manbalarga ko‘ra, kompaniya taxminan 20 milliard dollarlik baholanishga erishishni maqsad qilgan”, - deb yozdi nashr.
Kombinatning yangi rivojlanish dasturi doirasidagi asosiy loyihalar — Muruntov konini kengaytirish va yiliga 30 million tonna ruda qayta ishlash quvvatiga ega yangi zavod qurishdan iborat.
O‘zbekiston Markaziy banki hozircha NKMK oltinining asosiy xaridori va eksportini amalga oshiruvchi tashkilot bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, kompaniya asta-sekin ichki sotuvlarni oshirib, mahalliy zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Sentyabr oyidagi hisobotga ko‘ra, NKMK daromadi yilning birinchi yarmida 41 foizga oshib, 4,7 milliard dollarga, EBITDA (foyda ko‘rsatkichi) esa 52 foizga oshib, 3,1 milliard dollarga yetgan.
Avvalroq. NKMK 2025 yilning I yarmida oltindan rekord darajada foyda va daromad ko‘rgani ma’lum qilingandi. Kombinat 2025 yilning 6 oyida 1,52 million troya unsiya otin ishlab chiqardi. Bu davrda kompaniya daromadi 40 foizga, sof foydasi esa 71,8 foizga o‘sdi. Shu bilan birga oltin ishlab chiqarish tannarxi 28 foizga oshdi – bu raqamlar so‘nggi yillarda o‘sib boryapti.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
07:28 / 02.12.2025
Dunyodagi butun oltin zaxirasi bitta infografikada
10:56 / 01.12.2025