Jahon | 11:41 / 07.10.2024
12075
24 daqiqa o‘qiladi

Isroilning quruqlik amaliyoti. Livanga «cheklangan» bosqin katta urushga aylanadimi? Va unga Eron ham qo‘shiladimi?

Bayrut janubiga zarba oqibatlari. Foto: Hussein Malla / AP / Scanpix / LETA

Isroil mudofaa armiyasi 1 oktyabrga o‘tar kechasi Livan janubida quruqlikdagi harbiy amaliyot boshlagani to‘g‘risida ma’lum qildi. Armiya rasmiylari «cheklangan reydlar» faqat chegaradosh hududlarda o‘tkazilishini aytishgan. Shu tariqa, Yaqin Sharqdagi urush markazi tom ma’noda ikki hafta ichida G‘azo sektoridan Livanga ko‘chdi — va ilk kunlardayoq Isroil razvedkasi va harbiylar yillar davomida tayyorlangan qator operatsiyalarni amalga oshirishga ulgurdi. Isroillik jurnalist Vitaliy Novoselov «Meduza» nashriga ayni vaqtda Livan janubida nimalar bo‘layotgani va «Shimol o‘qlari» amaliyoti mohiyati nimada ekani — va u yirik mintaqaviy urushga aylanib ketishi ehtimoli haqida material tayyorladi.

30 sentabrdan 1 oktyabrga qadar bo‘lgan bir kun ichida, Livanda Isroil zarbalari oqibatida 55 kishi halok bo‘lib, yana 156 kishi yaralandi, deb ma’lum qilgan mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi. Livan bosh vaziri Najib Mikati mamlakat «o‘z tarixidagi eng xavfli bosqichlardan birida turgani»ni aytgan.

Sentyabr oyi o‘rtalarida Isroil harbiy-siyosiy kabineti G‘azo sektoridagi urush maqsadlarini kengaytirdi. Oldingi uchta maqsad qatoriga (Isroilga G‘azo sektoridagi tahdidni bartaraf etish, Hamas hukumatini yakson etish va garovdagilarni ozod etish) to‘rtinchisi qo‘shildi — «Isroil shimolidagi aholi o‘z uylariga xavfsiz qaytishini ta’minlash».

Hukumat qaroriga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantga bu maqsadga erishish uchun harbiy yo‘ldan ham foydalanish vakolatlari berildi. De-yure va de-fakto ular Livandagi «Hizbulloh» guruhi bilan urush olib borishga ruxsat olgandi.

Isroil shimoli qanday bo‘shab qolgandi? Va nima uchun faqat hozirga kelib Livan bilan chegaradagi shaharlar himoyasini o‘ylab qolishdi?

2023 yil 7 oktyabrda Hamas a’zolari Isroilga hujum qilganidan keyingi kuni Livandagi «Hizbulloh» guruhi mamlakat shimolini o‘qqa tutishni boshlagandi. Isroil hukumati chegaraga besh kilometr masofada joylashgan 43 ta aholi yashash manzillarini evakuatsiya qilishga qaror qildi. Bosh vazir ofisi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha kunlarda 63,5 ming kishi o‘z uylarini tark etgan. 

Ammo aslida ketganlar ko‘proq edi — va bir yil ichida mamlakat shimoli huvullab qoldi. Chegaradan besh kilometrdan ko‘proq masofada joylashgan kichik shaharlar va posyolkalarda yashovchi isroilliklarning ko‘pchiligi ham zarbalar xavfi yuqoriligi tufayli evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgandi. Bu oilalar mustaqil ravishda, o‘z ixtiyori bilan ketishgan, shuning uchun rasmiy statistikadan o‘rin olmagan. Va bir yil davomida ketganlarning ko‘pchiligi mamlakatning boshqa hududlarida butunlay qolishga qaror qildi, deya ma’lum qilgan «Meduza»ga Livan bilan chegaradan bir necha kilometr masofada joylashgan Kiryat-Shmona shahri meriyasi. 

Isroildagi mamlakat shimoliy chegaralarini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi «Alma» tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yil davomida «Hizbulloh» Isroil hududiga raketalar, dronlar va tanklarga qarshi snaryadlar bilan uch ming martadan ortiq zarba bergan. Isroil bosh vaziri ofisiga ko‘ra, 8 oktyabrdan buyon «Hizbulloh» Isroil hududlari tomon 9,4 mingdan ortiq raketa uchirgan. 

Sentyabr oyi oxiriga kelib, mamlakat shimoliy hududlari o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 dan oshgan, shundan 26 nafari harbiy xizmatchilar, 26 nafari tinch aholi vakillari, deya ma’lum qilgan «Meduza»ga TsAHAL matbuot xizmati. Ko‘plab kichik shaharlar va kibutsalar amalda to‘liq vayron bo‘lgan. 

TsAHAL va Isroil maxsus xizmatidagilar Hamasning hujumidan keyinoq — 2023 yil 11 oktyabrida «Hizbulloh»ga qarshi oldini oluvchi zarbalar yo‘llashni istagandi. Ammo o‘shanda Binyamin Netanyahu shimoliy frontdagi faol harakatlarni keyinga qoldirib, asosiy e’tiborni G‘azo sektorida Hamasga qarshi amaliyot o‘tkazishga qaratgandi. 

Isroillik harbiy tahlilchi David Gendelman «Meduza» bilan suhbatda bu qarorni Isroilga AQSh tomonidan bosim bilan izohlagan — ittifoqchilar Hamasning 7 oktyabridagi hudumidan keyin butun mintaqa urush olovi ichida qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishgan. Bunda resurslar taqchilligining ham roli bor edi: Gendelman Isroil mudofaa armiyasi bir vaqtning o‘zida ikkita frontda keng ko‘lamli manyovrli urushni samarali tarzda olib borish uchun yetarli darajada katta emasligini ta’kidlaydi.

Gendelmenning tasdiqlashicha, G‘azodagi «Temir qilichlar» amaliyoti vaqtidagi harbiy harakatlarda TsAHALning beshta manyovrchi diviziyasi harakatlangan. «So‘nggi yigirma yillikda armiya doimiy ravishda kichrayib bordi, — deydi u, — xususan, beshta diviziya qisqartirilgan. Shuning uchun parallel emas, balki navbatma navbat harakat qilishga qaror qilingan. Va barcha kuchlar asosiy yo‘nalishga — G‘azo sektoriga kiritilgan». 

Qariyb bir yildan keyin ham TsAHAL o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlardan hech biriga erisha olmadi: 101 kishi hamon G‘azoda garovda ushlab turilibdi, Hamas butunlay yo‘q qilinmadi, terrorchilik tahdidi bartaraf etilmagan. Shunga qaramay, Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi guruhning harbiy salohiyati amalda tugatilgan. Binyamin Netanyahu BMT bosh assambleyasidagi chiqishida Hamasning 24 batalyonidan 23 tasi tor-mor etilganini aytdi. 

Bugungi kunga kelib Hamas muntazam armiya sifatida uyushgan qarshilik ko‘rsatmayapti: guruh kichik guruhlar bilan yoki tankka qarshi granatomyot va Kalashnikov avtomatlarini ko‘targan alohida jangchilar bilan partizanlik urushi olib bormoqda. Shuning uchun G‘azodagi harbiy harakatlar endi «Temir qilichlar» amaliyotining ilk bosqichlarida bo‘lgani kabi ko‘p miqdordagi kuch va vositalarni saqlab turishni talab etmaydi.

Harbiy tahlilchi David Gendelman hisoblashicha, endilikda G‘azoda harbiy harakatlarni davom ettirish uchun TsAHALning ikki yoki uch brigadasi ham yetarli bo‘ladi. Katta ehtimol bilan, shu tufayli TsAHALning asosiy manyovr kuchlari shimolga olib o‘tkazilgan.

Isroilning «Shimol o‘qlari» amaliyotining mohiyati nimada?

17 sentabr kuni kunduzi Bayrutda va Livanning boshqa shaharlarida «Hizbulloh» jangarilarining qo‘llari yoki hamyonidagi peyjyerlar portlab ketdi. Jami uch mingta qurilma masofadan portlatilgan. 

Keyingi kuni esa bu holat yuzlab ratsiyalar bilan ro‘y bergan. «Hizbulloh» 37 nafar a’zosi halok bo‘lgani va 3,5 mingdan ortiq jangchisi yaralangani haqida xabar bergan. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Isroil maxsus xizmatlari portlatish amaliyotiga bir necha yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

18 sentabr kuni Isroil aviatsiyasi Livan janubidagi o‘rta masofada harakatlanuvchi yuzlab raketalarni uchirish qurilmalari hamda raketa omborlariga yopirilma zarbalar yo‘lladi. TsAHAL matbuot xizmati bu hujumni quyidagicha izohladi:

«Hizbulloh» terrorchilik tashkiloti Livan janubini jang maydoniga aylantirib, o‘nlab yillar davomida tinch aholi uylariga qurol joylashtirib, uylarning ostidan tunnellar o‘tkazib, ulardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda. TsAHAL shimolda aholi uylariga qaytishi uchun xavfsizlikni ta’minlash maqsadida harakat qilmoqda. 

Amaliyot «Shimol o‘qlari» nomini oldi. Keyingi bir necha kun davomida Isroil harbiy obektlar, uchirish qurilmalari va qurol omborlari bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llashni davom ettirdi — endi faqat janubda emas, balki Livanning markaziy va shimoliy hududlarida ham.

Bayrutning janubiy chekkasida Isroil aviazarbasidan keyin ko‘tarilgan tutun. Livan, 2024 yil 1 oktyabr
Bilal Hussein / AP / Scanpix / LETA

20 sentabr kuni Bayrutga yo‘llangan zarba oqibatida «Hizbulloh»ning operativ bo‘limi boshlig‘i, tashkilot yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil o‘ldirildi. TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, u bilan birgalikda ko‘p yillar mobaynida Isroil shimolidagi Galiley tumanida joylashgan aholi yashash manzillarini egallab olish bo‘yicha amaliyotlarni rejalashtirishda qatnashgan «Hizbulloh» maxsus topshiriqli bo‘linmasining bir necha qo‘mondoni ham halok bo‘lgan. To‘rt kun o‘tib shunday zarbalardan biri «Hizbulloh»ning raketa qo‘shinlari boshlig‘i Ibrohim Muhammad Kubeysi, yana to‘rt kun o‘tib esa — «Hizbulloh» harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Muhammad Husayn Sarur o‘ldirildi.

27 sentabr kuni kechqurun Isroil armiyasi harbiy-havo kuchlariga tegishli F-15I samolyoti «Hizbulloh»ning Bayrut shahri janubida shialar istiqomat qiluvchi Dahiya tumaniga bomba yog‘dirdi. Shtab joylashgan bunker ustidagi bir necha ko‘p qavatli bino quladi. Keyingi kuni «Hizbulloh» o‘z yetakchisi, shayx Hasan Nasrulloh halok bo‘lganini tasdiqladi. 

Nasrulloh bilan birgalikda «Hizbulloh»ning boshqa yuqori martabali qo‘mondonlari ham o‘lim topgan. Ular orasida janubiy front boshlig‘i Ali Karxi, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, Livandagi amaliyotlar uchun bo‘lgan brigada generali Abbos Nilforushon, Nasrullohning qo‘riqchilari boshlig‘i Ibrohim Hasid Jaziniy, jihod bo‘yicha maslahatchi Samir Tavfiq Dib hamda artilleriya ko‘magi uchun mas’ul bo‘lgan Ali Naaf Ayub ham bor edi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyining so‘nggi ikki haftasi davomida mamlakatda Isroil zarbalari oqibatida mingdan ortiq kishi halok bo‘lib, yana olti ming kishi yaralangan. Millionga yaqin kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

«Hizbulloh» qanday javob bera oladi?

Harbiy tahlilchi David Gendelman «Hizbulloh» yetakchilariga zarba berish ketma-ketligi yaxshi o‘ylangan, deb hisoblaydi. «Agar Nasrulloh bilan boshlashganida, „Hizbulloh“ Isroilni intensiv ravishda o‘qqa tutishni boshlashi mumkin edi, — deya taxmin qiladi u. — Ammo tayyorgarlik zarbalari seriyasidan keyin uning imkoniyatlari keskin pasaydi».

Shunga qaramay, 17 sentabrdan buyon «Hizbulloh» o‘t ochish intensivligini va harakat radiusini bir necha bor oshirib, kuniga 200–300 raketa uchirmoqda va nafaqat chegara hududlarni, balki ichkariroqdagi Hayfa, Tveriya, Nazaret, Akko va Samariya kabi shaharlarni ham o‘qqa tutmoqda. Tsfat, Kiryat-Byalik va Tveriya hududlaridagi uylar vayron bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan. Isroilning o‘zidagilar keng ko‘lamli urush boshlangan taqdirda, «Hizbulloh» mamlakatga kuniga minglab raketalar bilan hujum qilishi, jumladan, harbiy va aviabazalar, energetika infratuzilma obektlari, Ben-Gurion nomidagi aeroport hamda dengiz portlari nishonga olinishini kutgan. 

«Hizbulloh»ning raketa arsenali, Isroilning Milliy xavfsizlik tadqiqotlari institut ekspertlari baholariga ko‘ra, turlicha 150 ming raketani o‘z ichiga oladi. Ular orasida — butun Isroil hududini qamrab olishi mumkin bo‘lgan, o‘rta va yaqin masofali, yuqori aniqlikda harakatlanuvchi bir necha ming ballistik raketalar ham bor. Isroil havo hujumidan mudofaa tizimi katta ehtimol bilan bunday yuklamaga bardosh bera olmagan bo‘lardi: otishma shiddati oshgan taqdirda, mamlakatdagi harbiy va strategik obektlarni himoya qilish masalasi ustuvor bo‘ladi.

Shu tufayli TsAHAL ekspertlari aholi yashash manzillaridagi jiddiy vayrongarchiliklar hamda tinch aholi orasida yuzlab qurbonlar bo‘lishini prognoz qilgandi.  TsAHAL bosh shtabining armiya mashg‘ulotlarida razvedka ma’lumotlari asosida aynan shunday ssenariylar ko‘p bor ko‘rib chiqilgan, deydi Gendelman. 

Hozircha bularning hech biri sodir bo‘lmadi. Ammo Isroil aviatsiyasining «Hizbulloh»ga zarbalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar Isroil armiyasi «Hizbulloh»ning raketa zaxiralarini keskin qisqartirishga erishgan bo‘lsa, bu zarbalar intensivligi ham pasayishiga olib keladi.

Livandagi urush qanday kechishi mumkin?

Mamlakat shimolini zarbalardan xoli qilish va bu hudud aholisi uylariga qaytishiga sharoit tayyorlash uchun Isroil nafaqat Livan tomondan o‘t ochilishini to‘xtatishi, balki bu qayta boshlanmasligini ham kafolatlashi kerak bo‘ladi. Buning uchun TsAHAL «Hizbulloh»ni uning jangchilari minomyotlar, tankka qarshi raketa komplekslari va «Burkan» rusumli kichik masofada harakatlanuvchi raketalar bilan Isroilni o‘qqa tutmasligi uchun chegaradan bir necha kilometr nariga surib tashlashi — bu orqali Livan-Isroil chegarasida xavfsizlik zonasi tashkil etishi kerak bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, Isroil kuchlari «Hizbulloh»ni BMT Xavfsizlik kengashining 2006 yil 11 avgustidagi rezolyutsiyasiga amal qilishga majburlashi kerak, guruh esa bunga hech qachon rioya etmagan. Hujjatda Litaniy daryosi janubidagi chegara hududlarda «Hizbulloh» qurolli tuzilmalari joylashmasligi kerakligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, rezolyutsiyaga ko‘ra, bu zona xavfsizligini Livan armiyasi va BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti ta’minlashi lozim.

«Hizbulloh»ni chegaradosh hududdan ketishga faqat havo zarbalarining o‘zi bilan majburlab bo‘lmadi, shu tufayli TsAHAL Janubiy Livanda quruqlik amaliyoti o‘tkazishdan boshqa muqobil yo‘l ko‘rmadi. Bu amaliyot rivojlanishi mumkin bo‘lgan ssenariylardan birini «minimum reja» sifatida ta’riflash mumkin. Bu holatda amaliyot cheklangan va qisqa vaqt davom etadi: TsAHAL manyovr kuchlari chegaradagi o‘t ochilishi mumkin bo‘lgan yo‘lak va tepaliklarni egallab olishi kerak. 

Shartli ravishda «maksimum reja» deb atash mumkin bo‘lgan boshqa ssenariy TsAHALning kamida ikkita diviziyasi, desant brigadalar, artilleriya va maxsus topshiriqli kuchlar aviatsiya ko‘magida umumqo‘shin amaliyoti o‘tkazishidir. Bu holatda maqsad Livan janubida kengligi 10 kilometr atrofida bo‘ladigan kattaroq hudud, ya’ni kichik masofali raketalar uchirilishi mumkin bo‘lgan butun hududni egallash bo‘ladi. Bu reja Suriyaning chegaradosh hududlariga ham qo‘llanishi mumkin. 

David Gendelmanning baholashicha, bunday amaliyot — mohiyatan keng ko‘lamli urush — ikki-uch oy vaqt oladi. Ammo TsAHAL kamroq vaqt ketadigan cheklangan amaliyot bilan ham kifoyalanishi mumkin.

Ammo Janubiy Livanda harbiy amaliyot o‘tkazish Isroil xavfsizligini faqat qisman kafolatlashi mumkin. Chegaradosh hududlardan muntazam o‘t ochishlarga barham berilsa-da, Livanning markaziy va shimoliy qismidan o‘rta va katta masofali raketalar bilan zarba berilishi xavfi saqlanib qoladi. Shu bilan birga, 1982 yilda bo‘lgani kabi «Hizbulloh»ni butunlay tor-mor keltirish maqsadida Livan ichkarisiga kirib borish (yoki Bayrutni egallash) bo‘yicha quruqlik amaliyoti o‘tkazish uchun TsAHALda resurslar yetarli emas, deb hisoblaydi Gendelman.

1982 yilgi urush

Isroil Livanning janubiy hududlarida to‘plangan Falastin kuchlarini siqib chiqarish va xristian kuchlar bilan ittifoqini mustahkamlash maqsadida qo‘shni mamlakatga bostirib kiradi.

Bu mojaro 1947 yil 29 noyabrida, BMT Bosh assambleyasi xalqaro hamjamiyatga Falastinni ikki davlatga — arab va yahudiylar davlatiga ajratish rejasini qabul qilish tavsiya etilgan rezolyutsiyani ma’qullagan paytda boshlangan.

BMTning Falastinni bo‘lish rejasi qo‘shni arab davlatlari tomonidan ham, Falastinning o‘zidagi arab aholisi tomonidan ham rad etiladi. Hududni faqat o‘ziniki deb hisoblagan arablar yahudiylarni Falastinga qaytarish g‘oyasini tan olishni xohlamaydi.

1948 yilda Isroil davlati tuzilgani e’lon qilinishi bilan birinchi arab-isroil urushi boshlanib, isroilliklar arab davlati uchun ajratilgan yerlarning taxminan yarmini egallab oladi, 1960-yillar oxirida esa — Falastin yerlarining qolgan qismini ham.

Shu bilan birga, Isroil mustaqilligi e’lon qilinganidan keyin arab davlatlaridagi yahudiylarning holati keskin yomonlashadi. Urush boshlangach, yahudiylar xavfsizlik nuqtayi nazaridan musulmon mamlakatlaridan qochishga tushadi.

Isroil egallab olgan hududlardan ham yuz minglab falastinliklar ketadi. Ular 1948 yildayoq, birinchi arab-isroil urushi davridayoq Livan hududiga kelib joylashishni boshlaydi; chegarani kesib o‘tish bo‘yicha keyingi yirik to‘lqinlar 1967 yildagi Olti kunlik urushdan keyin, shuningdek 1970-yillardagi «Qora sentabr» voqealaridan keyin kuzatiladi. 1970-yillar o‘rtalarida mamlakatda 300 minga yaqin qochqin ro‘yxatdan o‘tgandi.

1971 yilga kelib Janubiy Livan amalda to‘lig‘icha Falastin ozodlik tashkiloti nazoratiga o‘tgandi — bu falastinliklarning o‘z davlatini qurish uchun qurolli kurash olib boruvchi harakatning markaziy bo‘limi edi.

1975 yilda ushbu tashkilot amalda Janubiy Livanda o‘z davlatini quradi, uning hududlari Bayrut g‘arbidan Isroil bilan chegaragacha cho‘zilgandi. Bu hudud tashkilot jangarilari uchun operativ va o‘quv bazasiga aylanadi.

Falastinliklarning qurollangan otryadlari aynan shu yerdan Isroil hududiga reydlar amalga oshiradi. 1982 yilda TsAHAL Falastin ozodlik tashkiloti bazasini yakson etish maqsadida Livanga bostirib kiradi, ammo ular tor-mor etilib, yetakchilari qochib ketganidan keyin ham Isroil kuchlari Livan janubida qolishadi. Bu hudud okkupatsiyasi faqat 2000 yilga kelib yakunlanadi.

TsAHAL amaliyoti yakunlanganidan keyin Janubiy Livan bilan nima bo‘lishi haqidagi savolga javob Isroil hukumati qaroriga bog‘liq. Variantlardan biri — mamlakat shimoli uchun nisbatan ishonchli kafolat beradigan okkupatsiyadir.

Ammo Isroilning o‘zidagilar ham, uning mintaqadagi va G‘arbdagi ittifoqchilari ham bu variantni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamaydi, deydi harbiy tarixchi, terrorchilik tashkilotlari bo‘yicha mutaxassis hamda Tel-Aviv universiteti ilmiy xodimi Yakov Falkov. 

«Men tezkorlik bilan tozalash o‘tkazish va [mamlakat janubi ustidan] nazorat Livan armiyasiga berilishi, uni kuchaytirish uchun barcha — amerikaliklardan tortib saudiyaliklargacha sarmoya kiritishi tarafdoriman», — deydi Falkov «Meduza» bilan suhbatda. 

Harbiy tarixchi David Gendelman esa boshqacha fikrda: «Xavfsiz zona ustidan nazoratni Livan armiyasi va BMT tinchlikparvar kuchlariga berishni biz sinab ko‘rganmiz va bu nimaga olib kelganini ko‘rib turibmiz».

Bu mintaqaviy urushga aylanishi mumkinmi va bunga Eronning qanday aloqasi bor?

Rasmiy ravishda mintaqaviy urush deb unda ma’lum mintaqaning barcha davlatlari yoki deyarli barchasi qatnashishiga aytiladi. Ammo Yaqin Sharqdagi hozirgi urush kontekstida urushga Eronning kirishi asosiy belgi hisoblanadi. 

1 oktyabr kuni kechqurun ushbu mamlakat Isroil bo‘ylab yopirilma raketa zarbasi yo‘llagandi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi ma’lum qilishicha, bu 2024 yil iyulida Hamas siyosiy rahbari Ismoil Haniya, 27 sentabr kuni «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh hamda korpus qo‘mondonining Livan bo‘yicha o‘rinbosari Abbos Nilforushon o‘ldirilganiga javoban amalga oshirilgan. «Agar Isroil Eronning harakatlariga javob qaytarsa, u yanada halokatliroq hujum bilan to‘qnashadi», — deya ogohlantirgan Eron rasmiylari. 

Ammo Eronda hamon kuchli ittifoqchilar qo‘llovi yo‘q: Rossiya va Xitoy unga katta mintaqaviy urush olib borishda yordam ko‘rsatishi dargumon, deb hisoblaydi Yakov Falkov. Bundan tashqari, bugungi kunda harbiy-strategik nuqtayi nazardan Eronning pozitsiyasi bir yil oldingidan yomonroq, deb qayd etadi ekspert: Islom inqilobi muhofizlari korpusi Livan va Suriyadagi amaliyotlarga mas’ul bo‘lgan qator zobitlaridan ayrilgan; Hamas va «Hizbulloh» ancha zaiflashgan, qo‘qqisdan hujum qilish elementi boy berilgan, bu vaqtda esa Isroil o‘z muvaffaqiyatlaridan kuch olmoqda. Bundan tashqari, Eron iqtisodiyoti inqirozda, oyatullohning mamlakat ichkarisidagi raqiblari amaldagi rejim zaiflashishini poylamoqda. «Bunday vaziyatda katta urush boshlash — butkul ahmoqlik», — deb hisoblaydi Falkov. 

Shu bilan birga, Eron kuchishlatarlari, ayniqsa Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘rtaga rejim barqarorligi va o‘zining yashab qolishi tikilganini anglab turibdi, deya davom etadi Falkov: «Ular favqulodda choralarga qo‘l urishi, jumladan Eronda o‘ziga xos davlat to‘ntarishi amalga oshirib, [prezident Mas’ud] Pizishkiyonni lavozimidan chetlatishi hamda favqulodda holat e’lon qilishi mumkin».

Isroil harbiylari Eron hududidan 1 oktyabr kuni uchirilgan 180 raketaning katta qismi tutib qolinganini ma’lum qilgan. The Times of Israel ma’lumotiga ko‘ra, raketalardan birining parchalari qulashi oqibatida Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Iyerixon shahri yaqinidagi Nueyma qishlog‘ida yashovchi, g‘azolik Samih al-Asl halok bo‘lgan.

1 oktyabr kuni Binyamin Netanyahu bu hujumga shunday munosabat bildirgandi:

Eron bugun tunda katta xatoga yo‘l qo‘ydi — va u buning uchun to‘lov qiladi. Erondagi rejim bizning o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan o‘ch olishga bo‘lgan qat’iyatimizni tushunmaydi. Biz o‘z qoidalarimizga amal qilamiz: bizga hujum qilgan kim bo‘lsa ham — biz unga hujum qilamiz.

Mavzuga oid