Jahon | 16:13 / 01.03.2019
31978
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyadagi daryoda «o‘zgacha» tumshuq va ilon tanasiga ega sirli baliq topildi

Avstraliyalik Ti Xokin Avstraliya Shimoliy hududidagi Kakadu milliy bog‘i yaqinida joylashgan daryoda baliq ovlab, «O‘zga» filmidagi o‘zga sayyoralikka o‘xshash bo‘lgan g‘alati jonzotni tutib olgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzun tanli, ilonni eslatuvchi 15 santimetr keladigan baliqda katta tishli og‘iz bo‘lgan, ammo ko‘zlari yo‘q edi. «Uning boshi juda g‘alati edi, tanasi esa xuddi ilonbaliqqa o‘xshaydi, - deydi u. - U shokka tushgandek tuyuldi, harakatlanmadi va buralmadi».

Ixtiololog Morgan Grantning taxminicha, Amblyopinae suboilasiga tegishli bo‘lgan yirtqich baliq Xokinga uchragan. Uning vakillari Tinch va Hind okeani sohilbo‘yi suvlari hamda daryolar etagida uchraydi, Avstraliya qirg‘oqlarida bir nechta turlari mavjud. «Ularning ko‘zlari rivojlanmagan va ko‘p paytlarda teri bilan qoplangan, sababi ular loyqa suvda yashaydi hamda ov vaqtida ko‘zga emas, balki sezgiga tayanadi», - deya aniqlik kiritdi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng og‘ir baliq ilk marta AQShda topilgandi.

Mavzuga oid