Jahon | 13:43 / 16.08.2025
5103
10 daqiqa o‘qiladi

Alyaskadagi uchrashuv, Malidagi harbiy to‘ntarishga urinish va Janubiy Osiyodagi ofatlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Natijasiz sammit

Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu Putinning 2015 yildan beri Qo‘shma Shtatlarga birinchi tashrifi bo‘ldi, u va Tramp oxirgi marta 2019 yilda uchrashgandi, Ukrainaga bosqin boshlanganidan keyin u AQSh rahbari bilan uchrashmagandi, uning oldingi prezident Jo Bayden bilan uchrashuvi 2021 yil yozida bo‘lgandi.

Uchrashuv ikki yarim soatdan ko‘proq davom etdi. Dastlab prezidentlar tarjimonlar ishtirokida yuzma-yuz gaplashishi taxmin qilingandi, biroq muzokaralar boshlanishidan biroz oldin format o‘zgartirildi – Putin va Tramp bilan birga muzokaralarda tashqi siyosat idoralari rahbarlari Marko Rubio va Sergey Lavrov, shuningdek, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etadigan bo‘ldi.

Ko‘rinishidan hech qanday jiddiy kelishuvlarga erishilmagan. Muzokaralardan so‘ng Putin va Tramp jurnalistlar qarshisiga chiqib, o‘z bayonotlarini o‘qib berishdi – RF prezidenti sakkiz daqiqaga yaqin, AQSh prezidenti to‘rt daqiqadan kamroq gapirdi.

Putin Trampga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi, Ukrainadagi «mojaro sabablarini bartaraf etish» zarurligi haqidagi bayonotlarini takrorladi va agar 2022 yilda AQShda prezident Tramp bo‘lganida, urush boshlanmagan bo‘lishini aytdi.

Tramp esa «hali kelishuvlar yo‘qligi», biroq tomonlar «sezilarli taraqqiyotga erishgani»ni qayd etdi va Putin urushni yakunlamoqchi ekaniga yana bir bor ishonch bildirdi. AQSh prezidenti Putin bilan tez orada yana ko‘rishishga umid qilayotganini bildirdi, Rossiya prezidenti esa ingliz tilida «Next time in Moscow?» deb so‘radi. Shundan so‘ng prezidentlar jurnalistlarning savollariga javob bermasdan zalni tark etishdi.

Sammit dasturi qisqartirildi. Dastlab prezidentlar uchrashuvidan so‘ng kengaytirilgan formatda besh kishilik tushlik o‘tkazilishi kerak edi, biroq u bekor qilindi. Putin matbuot anjumanidan so‘ng darhol Elmendorf-Richardson bazasida dafn etilgan sovet uchuvchilari qabriga gul qo‘yish uchun bordi, shuningdek, Sitkin va Alyaska arxiyepiskopi Aleksey bilan uchrashdi. Ko‘p o‘tmay uning samolyoti Rossiyaga qaytib uchib ketdi.

Malida Fransiya fuqarosi ushlandi

Malida hukmronlik qilayotgan harbiy xunta mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olingani hamda Fransiya fuqarosi josuslikda gumon qilinib hibsga olinganini e’lon qildi.

Yan Kristian Bernar Vizile Malidagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida Fransiya foydasiga josuslik qilishda gumonlanmoqda. Vizile Mali hukumati tomonidan davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblangan bir guruh harbiylar bilan birga hibsga olingan. Hibsga olinganlar orasida ikki general ham bor.

14 avgust kuni milliy televideniye efirida o‘qib eshittirilgan rasmiy bayonotda Vizile go‘yoki «fransuz razvedkasi uchun» ishlagani aytilgan.

Uning surati to‘ntarishni rejalashtirishda ayblanib hibsga olingan armiya generallari fotosuratlari bilan birga televideniye orqali namoyish etildi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat mudofaa vazirligining 30 dan ortiq askari va boshqa mulozimlari hibsga olingan.

AFP agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, ayni paytda davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinib, kamida 55 nafar harbiy hibsga olingan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida Mali sobiq bosh vaziri Chogel Maiga ham bor.

Rasmiylarga ko‘ra, fitnachilar 1 avgust kuni harakat boshlagan. Vazirning aytishicha, hibsga olingan harbiylar go‘yoki xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya fuqarosi Malida «siyosiy yetakchilar, fuqarolik jamiyati vakillari va harbiy xizmatchilarni safarbar qilgan fransuz razvedkasi» topshirig‘i bo‘yicha harakat qilgan.

Malini 2021 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyatga kelgan prezident Assimi Goita boshchiligidagi harbiy xunta boshqarmoqda. Xunta rahbari qo‘shni Burkina-Faso va Nigerdagi rejim rahbarlari bilan ittifoq tuzgan, ular ham harbiy to‘ntarishlar natijasida hokimiyat tepasiga kelishgandi. Shundan so‘ng sobiq mustamlakachi Fransiya bilan aloqalar keskin qisqargan va Rossiya bilan yaqindan aloqalar o‘rnatilgan. 2022 yilda Fransiya o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketgandi.

Yevropa Isroil rejasiga qarshi

Isroil moliya vaziri, «Diniy sionizm» partiyasi yetakchisi Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilda yangi aholi yashash manzili qurilishi ishlarining boshlanishini e’lon qilgan. Rejaga ko‘ra, Quddusdan 7 kilometr sharqdagi Maale-Adumim yaqinida 3401 ta yangi uy-joy quriladi. Shuningdek, o‘n yillardan beri muzlatib qo‘yilgan E1 nomli loyiha doirasida qo‘shni hududda yana 3515 ta uy-joy barpo etilishi rejalashtirilgan.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas turar joylar qurilishiga qarshi chiqdi. U Isroilning rejasi ikki davlat tuzish to‘g‘risidagi qarorga putur yetkazishini, bu xalqaro huquqning buzilishiga olib kelishini ta’kidlagan.

«Agar qurilish amalga oshirilsa, bu qadam “bosib olingan Sharqiy Quddus va Iordan daryosining G‘arbiy sohili o‘rtasidagi geografik va hududiy aloqani abadiy buzadi. G‘arbiy sohilning shimoliy va janubiy qismlari o‘rtasidagi aloqani uzib qo‘yadi», deya ogohlantirdi u.

Yevropa Ittifoqi yana bir bor Isroilni aholi punktlari qurishni to‘xtatishga chaqirgan. Ushbu «bir tomonlama qarorlar» shusiz ham keskin vaziyatni yanada keskinlashtirishi, shuningdek, tinchlikka erishishning har qanday imkoniyatiga putur yetkazishi ta’kidlangan.

Germaniya ham Isroilning aholi punktlarini qurish rejalarini qoraladi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili aholi punktlari qurilishi xalqaro huquq va BMT xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalarini buzishi, bu ikki tomonlama kelishuvga erishishni va Xalqaro jinoiy sud talab qilganidek, G‘arbiy sohildagi Isroil okkupatsiyasini tugatishni qiyinlashtirishini eslatgan.

Hindiston va Pokistonda tabiiy ofatlar

15 avgust kuni Pokistonda kuchli musson yomg‘iri yuzaga keltirgan sel va ko‘chkilar oqibatida kamida 160 kishi vafot etgan.

Pokiston Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili Anvar Shahzodning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim holatlarining 110 tasi tog‘li Xayber-Paxtunxva viloyatiga to‘g‘ri keladi, yana 60 kishi jarohatlangan.

Agence France-Presse e’lon qilgan kadrlarda Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda odamlar loy bosgan tepalikni kovlayotgani va odamlarni qidirayotgani aks etgan.

Hindistonning Kashmir mintaqasida ham kuchli yomg‘ir va sel 46 kishining umriga zomin bo‘ldi, 200 dan ortiq odam bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Hodisa Kishtvar tumanidagi Chasoti shaharchasida, mashhur Machail Mata ziyorat yo‘lida yuz bergan. Sel oqimi ziyoratchilar uchun qurilgan jamoat oshxonasini va xavfsizlik posti joylashgan hududni yuvib ketgan. Bu vaqtda ko‘plab ziyoratchilar tushlikka yig‘ilgandi.

Hodisa joyiga politsiya, qutqaruv xizmatlari, armiya va havo kuchlari jalb etilgan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Hindiston meteorologiya xizmati sel tog‘li hududlarda to‘satdan ko‘chki va vayronalarga olib kelganini bildirgan. Shu bois Kashmirning bir nechta hududlarida, jumladan, Kishtvarda aholiga xavfli inshootlar, elektr ustunlari va eski daraxtlardan uzoqda bo‘lish tavsiya qilinmoqda.

Pokistonda bayram qurbonlari

Pokistonda 14 avgust kuni Mustaqillik kuni nishonlanib, havoga o‘q uzilishi va mushakbozlik oqibatida 3 kishi, jumladan, 7 yoshli qizcha halok bo‘ldi, yana 109 nafar odam jarohatlandi.

Hodisa 14 avgust kuni Karachining turli hududlarida yuz bergan. Xususan, Azizobod okrugida 7 yoshli qizga osmonga otilgan o‘qlardan biri kelib tushgan, u voqea joyida vafot etgan. Korangi tumanida 35 yoshli erkak, Kalrida esa 70 yoshli kishi uyining tashqarisida o‘q tegib, halok bo‘lgan.

Turli manbalarga ko‘ra, birgina Karachining o‘zida 109 nafar odam o‘qdan jarohatlangan. Yaradorlar shahar shifoxonalari va xususiy klinikalarga joylashtirilgan. Politsiya reydlar davomida 33 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan va ulardan zamonaviy qurollar hamda o‘q-dorilarni musodara qilgan. Ushbu hodisalar bo‘yicha jinoyat ishlari ochilgan.

Pokiston 1947 yil 14 avgustda Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgan. Shundan buyon mamlakat har yili Mustaqillik kunini harbiy paradlar va madaniy tadbirlar bilan nishonlab keladi.

Va deyarli har yili Mustaqillik kuni shunday fojialar bilan yakunlanadi. 2024 yilda bunday otishmalarda 95 kishi, undan oldingi yili esa 80 kishi yaralangandi.

Mavzuga oid