Jahon | 20:05 / 18.12.2025
20578
7 daqiqa o‘qiladi

«Ayrimlar migrantlar mavzusini ko‘pirtirib yuborishdi». Rossiyadagi faollar Odinsovodagi fojia aybdorlari haqida

Rossiyadagi siyosatchilar, davlat va jamoat arboblari Moskva oblasti Odinsovo rayonida millatchilik ruhida sodir etilgan qotillik yuzasidan fikrlarini bildirishmoqda. Xususan, taniqli telejurnalist va bloger Kseniya Sobchak bu fojiada Rossiyadagi millatchi guruhlarni aybladi. «Bunga barchangiz javobgarsiz... Sizlar ham yechilishi kerak bo‘lgan ulkan muammosiz», degan u.

Foto: Yuriy Kochetkov / RIA Novosti

16 dekabr kuni Moskva oblasti Odinsovo rayoni Gorki-2 posyolkasidagi maktabda dahshatli qotillik sodir etildi. To‘qqizinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan 15 yoshli Timofey maktabga pichoq bilan kelib, qo‘riqchi va o‘quvchilarga hujum qildi. Natijada to‘rtinchi sinf o‘quvchisi, tojikistonlik Qobiljon Aliyev halok bo‘ldi.

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorevga «Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov qilish hamda barcha aloqador shaxslarni qonunan qat’iylik bo‘yicha javobgarlikka tortish talabi bilan» nota topshirildi.

Tojikiston TIV Qobiljonning o‘ldirilishini millatga nafrat asosidagi qotillik deb hisoblashini ma’lum qildi, zero bunga asoslar yetarli.

Hujumdan oldin Timofey maktabdagi bolalardan qaysi millatdan ekanini so‘ragan. Bundan tashqari, Timofey No Lives Matter (“Hech kimning hayoti ahamiyatga ega emas”) yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan – irqchilar bu shiorni Black Lives Matter shioriga javoban o‘ylab topishgan. Boshqa yozuvlar esa Anders Breyvik tomonidan sodir etilgan terakt, shuningdek AQSh va Yangi Zelandiyadagi maktablar va ibodatxonalarga qilingan hujumlarga ishora qilardi. Bundan tashqari, hujumdan oldin Timofey sinfdoshlariga o‘zining «Mening g‘azabim» deb nomlangan manifestini yuborgan, unda musulmonlar, yahudiylar, liberallar va so‘llarga qarshi fikr bildirib, barcha muammolarda ularni ayblagan.

Ushbu fojia ko‘pchilikni larzaga soldi. Rossiyadagi qator siyosatchilar, davlat va jamoat arboblari qotillik millatchilik fonida sodir etilgani, bunday holatlarning oldini olish shartligini ta’kidlashdi.

Jumladan, Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyov bu hujumni «dahshatli, haddan tashqari shafqatsizlik» deb atadi.

«Butun Moskva oblasti uchun bu haqiqiy fojia. Bunga olib kelgan barcha omillarni tahlil qilish va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish kerak», – deb yozdi u.  

Jurnalist Kseniya Sobchak bunday fojialarning ildizi internet yoki o‘yinlarga emas, balki farzandlarga tarbiya berish va nazorat yetishmasligida ekanini ta’kidladi.

Sobchak shuningdek, Rossiyada millatchilik kayfiyatidagi guruhlarning ta’siri kuchayganiga e’tibor qaratdi.

«Nima deyayotganini o‘ylamasdan har kuni nafratli tilda yozayotgan “Russkaya obshchina”, romlar, jiganlar, ularga o‘xshagan to‘dalar va o‘ng jamiyatlar – ularning barchasi ana shu o‘smirdagidek kayfiyatning qonuniylashishiga ma’lum bir darajada javobgar.

U g‘arblik millatchilarga ixlos qo‘ygan – bu uning kiyimidan ham ma’lum va ehtimol, bu g‘oyalarni Rossiya internetidan olmagan.

Lekin millat haqidagi savol ham osmondan kelib tushmagan», – deb yozdi u o‘z telegram-kanalida. 

Sobchak shuningdek, ayrim rus telegram-kanallarini millatchilik qilishda va millatlar o‘rtasida adovat qo‘zg‘atishda aybladi.

«Hatto shu yerda ham ular “dushman biz emas, bular” va “migrantlar ham rus bolalarini o‘ldirishyapti” degan fikrni singdirishga urinishmoqda», – deya Rossiyadagi telegram-kanallardan biridan olingan skrinshotni joylaydi u.

«Ha, migrantlar jinoyatchiligi yechilishi kerak bo‘lgan katta muammo. Lekin sizlar ham yechish kerak bo‘lgan ulkan muammosizlar»,  – deya so‘zini yakunlagan jurnalist.

Davlat dumasining oilani himoya qilish, otalik, onalik va bolalar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Nina Ostanina fojiada maktab ma’muriyatini aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘smir o‘z g‘oyalari haqida o‘qituvchisiga aytgan, lekin bu ma’lumot direktor va o‘quvchining ota-onasiga yetib bormagan.

Siyosiy sharhlovchi Andrey Gusiy ham maktabdagi hujum o‘quvchilarning millati haqidagi savoldan boshlanganiga e’tibor qaratdi.

«Ko‘p marta aytganman, ayrim siyosatchilar va tashkilotlar migrantlar mavzusini haddan ortiq ko‘pirtirib yuborishdi. Ular vaziyatni shu darajaga olib kelishdiki, odamlar Rossiyadagi xalqlar orasidagi farqni anglay olmay, xavfsiraydigan yoki zo‘ravonlik ishlatadigan bo‘lib qolishdi», – dedi u.

«MIG Rossii» telegram-kanali mualliflari millatlar o‘rtasiga adovat solishning oqibatlari yomon bo‘lishini ta’kidlashdi.

«Hukumat ertami-kechmi bu olovni yoqqanlarni kishanlaydi. Lekin buni amalga oshirish qanchalik uzoqqa cho‘ziladigan bo‘lsa, bunday fojialarning yana takrorlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi», deyiladi kanaldagi postda.

Mintaqaviy siyosatni rivojlantirish markazi bosh direktori Ilya Grashchenkov e’tiborni o‘smirning «manifesti»ga qaratdi.

«Bu kamolga yetmagan aqlning siyosiylashtirilishi qanday bo‘lishini ko‘rsatuvchi holat. Avvaliga millatni ulug‘lovchi qo‘shiq hit maqomiga chiqadi, keyin esa qotil qurbonining qaysi millatga mansubligini so‘raydi», – deb yozdi Grashchenkov.

Siyosatshunos Georgiy Bovt bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqish vaqti kelganini qayd etgan.

«Millatchi o‘quvchining „manifest“ tarqatishi va jinoyat sodir etishi orasida qanchadir vaqt o‘tgan. Jinoyatning oldini olish mumkin edimi?  Nazariy jihatdan ha, lekin qiyin – vaqt juda oz bo‘lgan. Balki bu voqea Avstraliyadagi kabi bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash kerakligini ko‘rib chiqish uchun sabab bo‘lar», – deydi Bovt.

Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash va millatlararo munosabatlar bo‘yicha kengash prezidiumi a’zosi Odinsovodagi voqeani «dahshatli holat» deb atadi.

«U odamlarni millati bo‘yicha ajratib allaqanday manifest yozgan. Uning kaskasida ochiq-oydin radikal neonatsistik chaqiriqlarni ko‘rib turibmiz», – dedi u.

Brodning qayd etishicha, bu yoshlar orasida radikalizmning namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq yagona holat emas: shu yilning yanvarida Ramenskoye shahrida bir guruh o‘smirlar «Halol» va «Samarqand» kafelariga o‘t qo‘yishgan, Orenburgda 8- va 9-sinf o‘quvchilari xorijlik talabalarga hujum qilishgan, mart oyida Permda o‘smirlar lo‘lilarning uyini yoqib yuborishgan va buni videoga olishgandi.

Mavzuga oid