O‘zbekiston | 16:59 / 04.12.2024
4500
3 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi mutasaddilarning harakatlariga baho berish uchun ogohlantiruv hujjati kiritildi - Bolalar ombudsmani

28 noyabr kuni Xo‘jaobod tumanida IIB boshlig‘i o‘quvchilar bilan «suhbat« o‘tkazib, ularni «qizil toifada» deb e’lon qilgan edi. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo zid. Bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ogohlantiruv hujjati kiritilgan. Viloyat hokimligi esa bu yerda o‘quvchilarni kamsituvchi holat yo‘qligini aytmoqda.

Foto: Xo‘jaobod tumani hokimligi matbuot xizmati

28 noyabr kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tuman IIB boshlig‘i Rustam Jaloliddinov tumandagi maktablarning 18 nafar o‘quvchisi bilan «suhbat« o‘tkazgani xabar qilingan edi. Hokimlik bu bolalarni «qizil toifada» deb e’lon qilgan.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan mutasaddilarning mazkur harakatlariga baho berish hamda bola manfaatiga zarar yetkazuvchi bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ogohlantiruv hujjati kiritildi.

Ombudsman mas’ullarning hech bir harakati bolalarni ajratish, diskriminatsiya qilish, ularni sha’ni va qadr qimmatiga zarar yetkazishga asoslanishi mumkin emasligi bildirgan. Bolalarni yuzlarini ochiq ko‘rsatgan holda muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo ziddir.

«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq, har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi. O‘zbekiston BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga a’zo davlat sifatida (2-modda), har bir bola uchun ko‘zda tutilgan barcha huquqlarni, hech qanday kamsitishlarsiz hurmat qiladi hamda ushbu huquqlarni ta’minlab beradi. Aytish kerakki, 18 nafar bolalarning yuzlarini ochiq ko‘rsatgan holda muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo ziddir.

Mutasaddilarning mazkur harakatlariga baho berish va bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga oid tegishli ogohlantiruv hujjati kiritildi», — deyiladi Bolalar ombudsmani Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotnomada.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani bu holatda «vijdon erkinligiga oid masala mavjud emas»ligini qayd etdi.

Holatga Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov ham izoh berib, bu holatda o‘quvchilarni «kamsituvchi holat mavjud emasligi»ni aytgan.

«Tarmoqlarda bu holat yoshlarni kamsitish sifatida atalgan. Ammo, vaziyat aytilganidek emas. Yoshlar bilan ishlashda har bir sektor rahbari oldida muhim vazifalar mavjud. Bunda, o‘quvchi-yoshlar hayoti, qiziqishi va o‘quv jarayonidagi holatdan kelib chiqib, reja asosida ish yuritiladi. Toifalar o‘quvchilar yoki yoshlarni emas, sektor rahbari oldidagi vazifalarni nazarda tutadi.

Bu holatda o‘quvchilarni kamsituvchi holat mavjud emas. Aksincha, ularning sha’ni va qadr-qimmatini saqlash va oshirish har bir rahbariyat vakili uchun muhim sanaladi» – deyiladi hokimlik raddiyasida.

Kun.uz maqolasidan so‘ng Xo‘jaobod tumani hokimligi o‘z xabarini tahrirlab, o‘quvchilarni «qizil toifa»da deb atagan qismini o‘chirib tashlagan. Keyinroq, suratlarda voyaga yetmagan o‘quvchilarning yuzlari yopilgan.

Mavzuga oid