Jahon | 17:20 / 04.04.2025
10445
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp «oltin karta» qanday bo‘lishini ko‘rsatdi

«Besh million dollar evaziga bu sizniki bo‘lishi mumkin», dedi u kartani jurnalistlarga ko‘rsatib.

Foto: AFP

Prezident Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarda yashash huquqini beruvchi «oltin karta» qanday dizaynda bo‘lishini ko‘rsatdi.

«Bilasizmi, bu nima?» - deb so‘radi u Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida kartani ko‘rsatib. Keyin ozi javob berdi: «Bu oltin karta, Trampning kartasi. Besh million dollar evaziga bu sizniki bo‘lishi mumkin».

Kartaning o‘zi bank kartasidan biroz kattaroq bo‘lib, Ozodlik haykali fonida Trampning portretini aks ettiradi. O‘ng tomonda «The Trump Card» deb yozilgan va prezident imzosi bor.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, karta ikki hafta ichida sotuvga chiqariladi. 

Donald Tramp «oltin karta» dasturi haqida fevral oyi oxirida e’lon qilgandi. U xorijliklarga AQShga 1 million dollar miqdorida sarmoya kiritish evaziga grin-karta taklif qiluvchi EB-5 dasturini almashtirishga mo‘ljallangan. «Oltin karta» AQShda doimiy yashash huquqini beradi va besh million dollar evaziga AQSh fuqaroligini olishga yo‘l ochadi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, kartalar savdosidan tushgan pullar budjet taqchilligini qoplash uchun ishlatilishi mumkin. Yangi vizaga da’vogarlar tekshiruvidan o‘tishi kerak, ammo tafsilotlar berilmagan.

Avvalroq, AQSh Savdo vaziri Hovard Lyutnik bir kun ichida chet elliklarga mamlakatda doimiy yashash huquqini beruvchi 1000 ta «oltin karta»ni sotganini aytgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid