Iqtisodiyot | 16:38 / 26.09.2025
2421
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy investitsiya jamg‘armasining portfeli qayta ko‘rib chiqildi

Uzbekistan Airports, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank va “O‘zbekiston pochtasi”ning aksiya paketlari Milliy investitsiya jamg‘armasi aktivlari tarkibidan chiqarilmoqda. Ayni paytda Sanoatqurilishbankning 30 foiz ulushi jamg‘armaga o‘tkaziladi. Shuningdek, jamg‘armaning “O‘zbekgidroenergo”, “Temiryo‘linfratuzilma” va “O‘zbekinvest”dagi ulushlari oshiriladi.

Prezident qarori bilan, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aktivlari tarkibi yangilandi.

Unga ko‘ra, jamg‘armaning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga:

  • «Uzbekistan Airports» AJ, «Biznesni rivojlantirish banki» ATB va «Mikrokreditbank» ATBning aksiyalari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
  • «O‘zbekiston pochtasi» AJning aksiyalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 30 foiz ulushi jamg‘armaga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, jamg‘arma portfelida:

  • «O‘zbekgidroenergo» AJ aksiyalari 20 foizdan 40 foizga;
  • «Temiryo‘linfratuzilma» AJ aksiyalari 25 foizdan 40 foizga;
  • «O‘zbekinvest» AJ aksiyalari 20 foizdan 30 foizga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy investitsiya jamg‘armasi 2024 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ustav kapitali 18 ta davlat korxonasidagi 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan ulushlardan tashkil topgan va bu aktivlarning jami qiymati 1,68 mlrd dollarga baholangan edi. Jamg‘arma 2025 yil fevralida Franklin Templeton (AQSh) boshqaruviga berilgan.

Mavzuga oid