O‘zbekiston | 18:19 / 27.08.2025
6896
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Milliy bog‘ oldidagi maydonda avval rejalashtirilganidek San’at muzeyi emas, O‘zbekiston Milliy muzeyi quriladigan bo‘ldi. Inshootni Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi va Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi loyihalashtirgan, pudratchi sifatida Xitoy kompaniyasi tanlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Toshkentda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinidagi maydonga madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar va adiblar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.

– Hamma sohada rivojlanish bilan birga qadriyatlarimizni tiklashga harakat qilyapmiz. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar quryapmiz. Buning zamiridagi asosiy maqsad shuki, bu binolar xalqimizga mulk bo‘lib qolishi kerak. Mana endi yana bir tarixiy majmua – O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz. Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning «Tadao Ando Architect & Associates» arxitektura byurosi hamda Germaniyaning «Atelier Brückner» kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Xitoyning «CSCEC International Construction» kompaniyasi tomonidan quriladi.

Qayd etilganidek, hozir Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat san’at muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 ming 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.

– Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini o‘zida aks ettirgan bu noyob san’at asarlari nafaqat bizning, balki butun insoniyatning beqiyos boyligi. Ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimiz, deb ta’kidladi prezident.

Muzeyning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi. Muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.

Ta’kidlanishicha, muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga aylanadi. Yurtdoshlar va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan tematik turizm maskani bo‘ladi.

Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.

– Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Shundan so‘ng davlat rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha 2022 yilda, San’at muzeyining yangi binosi sifatida taqdim etilgan edi. Inshoot qurilishini 2024 yilda boshlash ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid